Qidirish

13:31 / 2025-04-15 153 0 Jamiyat

Navoiyda paxta terish xizmatiga ajratilgan subsidiya pullari toʻlab berilmagan. Fermerlar kengashi masʼullarga chora koʻrish boʻyicha Bosh prokuraturaga murojaat kiritdi

Navoiy viloyat hokimligi reyestrni taqdim etgan boʻlsada, subsidiya ajratilmagan. Kengash Bosh prokuraturaga subsidiya ajratilmasdan qaror talabini bajarmagan “Agrobank” va Jamgʻarma masʼullarga nisbatan qonuniy choralar koʻrishni soʻrab murojaat kiritgan. Kengash subsidiya ajratishni qisqa muddatda koʻrib chiqishni soʻramoqda.

world-news

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-sentyabrda “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qoʻllab quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 574-sonli qaroriga asosan 2024-yilda barcha hududlarda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xomashyosini yigʻib terib olish xizmati bahosining 20 foizi, biroq 250 ming soʻmdan oshmagan qismini jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplab berish belgilangan.

Qarorga asosan Navoiy viloyat hokimligi tomonidan taqdim etilgan tasdiqlangan reyestrga asosan Jamgʻarma ikki bank ish kunida subsidiyani paxta yetishtiruvchilarning maxsus hisobvaraqlariga (23410) toʻlab berish uchun tegishli tijorat banklariga mablagʻlarni oʻtkazib berishi, tijorat banki paxta yetishtiruvchilarning asosiy hisob varagʻiga oʻtkazib berishi lozim edi.

Viloyat hokimligi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan paxta xomashyosi haqida paxta yetishtiruvchilar kesimida reyestrini 2024-yil 1-dekabrgacha tasdiqlab, Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga va “Agrobank” ATBga taqdim etilgan.

Biroq, Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va “Agrobank” ATB tomonidan Qaror talablari bajarilmasdan paxta terish mashinalari yigʻib terib olish xizmati uchun subsidiyalar reyestrga kiritilgan paxta yetishtiruvchilarga toʻliq ajratilmagan.

Shu bois, Fermerlar kengashi 10-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga va “Agrobank” ATBga paxta yetishtiruvchilar kesimida tasdiqlangan reyestrga muvofiq, subsidiya ajratish masalasini qisqa muddatda koʻrib chiqish boʻyicha xat bilan chiqqan. Shuningdek, Kengash Bosh prokuraturaga subsidiya ajratilmasdan qaror talabini bajarmagan “Agrobank” va Jamgʻarma masʼullarga nisbatan qonuniy choralar koʻrishni soʻrab murojaat kiritgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish