Qidirish

17:52 / 2025-04-12 344 0 Jamiyat

Yoʻl harakati qoidalariga yangi belgilar qoʻshiladi

Oʻzbekistonda yoʻl harakati qoidalari yangi ogohlantiruvchi va qoʻshimcha axborot belgilari bilan toʻldiriladi.

world-news

Bu haqda joriy yilning 3-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda xavfsiz harakatlanishni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qarorida soʻz boradi.

Unga koʻra, yoʻl harakati qoidalarida 6-band quyidagi mazmundagi yigirma sakkizinchi – oʻttiz ikkinchi xatboshilar bilan toʻldiriladi:

“Avariya oʻchogʻi” (yoʻl-transport hodisasi oʻchogʻi) – yoʻl harakati ishtirokchilari uchun moʻljallangan avtomobil yoʻli, koʻchalar, chorrahalar aholi punktidan tashqari joylarda 1 000 metrdan yoki aholi yashash punktida 200 metrdan ortiq boʻlmagan qismida bir yil davomida bir xil turdagi uch yoki undan ortiq yoʻl-transport hodisalari yoki turlaridan qatʼi nazar besh va undan ortiq yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlishi natijasida odamlar halok boʻlgan yoki jarohatlangan joy.

“Avariya oʻchogʻi” hududlari quyidagi uzoq muddatli, mavsumiy va vaqtinchalik turlariga boʻlinadi:

uzoq muddatli – bartaraf etilishi, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarni koʻchirish, togʻ yon bagʻirlarini katta hajmda oʻyish, katta suv havzalari ustidan koʻpriklar qurish va uzoq muddatli yoʻl qurilish kabi jarayonlarni talab etadigan hudud;

mavsumiy – ob-havo sharoiti taʼsiri natijasida yoʻl-transport hodisasi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavfli avariya hududi;

qisqa muddatli – bartaraf etish muddati uch oygacha boʻlgan davrni talab etadigan xavfli avariya hududi”.

Ogohlantiruvchi belgilar quyidagi mazmundagi 1.15.1 va 1.36-bandlari bilan toʻldiriladi:

1.15.1 “Zanjirli gʻildiraklar va shinalar bilan harakatlanish”. Ushbu yoʻl belgisi ogohlantiruvchi yoʻl belgisi, togʻli va choʻl hududlarda qish mavsumida yoʻllarda hosil boʻlgan qor va muzlamalarda transport vositalarining uzluksiz va xavfsiz harakatlanishini tashkil etish maqsadida tavsiya etish yuzasidan, shuningdek, avtomobil yoʻllaridagi qor va muzlamalar toʻgʻrisida haydovchi va piyodalarning eʼtiborini jalb etish maqsadida qoʻllanadi;

1.36 “Yoʻl-transport hodisasi oʻchogʻi”. Ushbu yoʻl belgisi 3.24 – “Yuqori tezlik cheklangan” taqiqlovchi yoʻl belgisi, 7.1.1–7.1.4 – “Obyektgacha boʻlgan masofa”, 7.2.1–7.2.6 – “Taʼsir oraligʻi”, 7.3.1–7.3.3 – “Taʼsir yoʻnalishi” qoʻshimcha axborot belgilari bilan, shuningdek, yoʻl-transport hodisalarining turi, xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda oʻrnatilishi mumkin.

Qoʻshimcha axborot belgilari quyidagi mazmundagi 7.27, 7.28, 7.29 va 7.30-bandlar bilan toʻldiriladi:

7.27. “Piyodani urib yuborish”. Piyoda bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi xavfi mavjudligini bildiradi;

7.28 “Transport vositalari toʻqnashuvi”.Transport vositalari toʻqnashuvi xavfi mavjudligini bildiradi;

7.29. “Velosipedchini urib yuborish”. Velosipedchini urib yuborilish xavfi mavjudligini bildiradi;

7.30. “Transport vositalari agʻdarilishi”. Transport vositasi agʻdarilish xavfi mavjudligini bildiradi.

Shuningdek, yoʻl chiziqlarini chizish boʻyoqlari hamda boshqa vosita va moddalar, yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarining narxlari bozordagi oʻrtacha koʻrsatkichlari tegishli hududda yuzaga kelgan narxlar darajasini har oy oʻrganish orqali buyurtmachi va autsorser tomonidan narxlar bayonnomasi bilan belgilanadi.

Agar yoʻl chiziqlarini chizish boʻyoqlari hamda boshqa vosita va moddalar, yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarining amaldagi bozor narxlari narxlar toʻgʻrisidagi bayonnomada belgilangan narxlardan baland yoki past boʻlsa, buyurtmachi autsorser va Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga koʻrib chiqish va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda qaror qabul qilish uchun tegishli hududdagi amaldagi narxlarni oʻrganib chiqish dalolatnomasi ilova qilingan takliflarni belgilangan tartibda yuboradi.

Qaror muhokamasi joriy yil 18-aprelga qadar davom etadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabr kuni qabul qilingan “Yoʻl harakati qoidalariga piyodalar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekistonda yoʻllarda xavfsizlikni oshirishga qaratilgan “Baland piyodalar oʻtish joyi” yangi yoʻl belgisi joriy etilishi xabar qilingan edi.

Izohlar 0

Fikr bildirish