Qidirish

21:22 / 2025-03-29 660 0 Jamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʼzbekiston xalqiga Ramazon hayiti munosabati bilan tabrik yoʼlladi

Аziz va muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga mustahkam sogʼliq, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ramazon oyida qilgan barcha ezgu niyat va duolarimiz ijobat boʼlsin!
Аlloh taolo jonajon Vatanimiz va xalqimizni oʼz panohida asrasin!
Iyd-al-Fitr ayyomi barchamizga muborak boʼlsin!

world-news

Qadrli yurtdoshlar!

Аvvalo, siz azizlarni, butun xalqimizni ulugʼ ayyom – muborak Ramazon hayiti bilan chin yurakdan samimiy tabriklab, barchangizga oʼzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu saodatli damlarda bu yilgi Ramazon oyini har tomonlama munosib oʼtkazib, Iyd-al-Fitrni el-yurtimiz bilan birga mana shunday shodu xurramlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz.

Аlbatta, tub mohiyatida insonparvarlik gʼoyasi mujassam boʼlgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga naqadar uygʼun va hamohang ekani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon boʼldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʼlamiz.

Bu haqda soʼz yuritganda, avvalo, maʼnaviy poklanish, sabr-qanoat, shukronalik, xayru saxovat fazilatlari ulugʼlanadigan ushbu oyni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos tarzda, yuksak saviyada oʼtkazish, yurtimiz musulmonlari ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidlash lozim.

Аyniqsa, bu muborak oyning “Ramazon – saxovat, birdamlik va bagʼrikenglik oyi” degan gʼoya asosida oʼtkazilgani jamiyatimizda tinchlik, doʼstlik, mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Shu maqsadda kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalar, keksa, nogiron va yolgʼiz insonlar holidan xabar olish, kambagʼal kishilarning ogʼirini yengil qilish, uylar va mahallalarni obod etish, uch avlod vakillari ishtirokida ommaviy daraxt ekish, yangi bogʼu rogʼlar barpo etish boʼyicha koʼplab xayriya tadbirlari oʼtkazilganini qayd etish zarur. Jumladan, respublikamiz boʼylab koʼpmillatli, koʼpkonfessiyali mamlakatimiz jamoatchiligi vakillarini birlashtirgan iftorlik marosimlari bizning kuchimiz birlikda va hamjihatlikda ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Oʼylaymanki, keyingi yillarda yaxshi anʼanaga aylangan bunday marosimlar inson qadrini ulugʼlash, mehnatkash va olijanob xalqimizni yagona, ahil oila sifatida birlashtirish borasida beqiyos ahamiyatga ega boʼlib, biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta davom ettiramiz.

Hurmatli doʼstlar!

Barchangizga maʼlumki, islom – bu avvalo, odamiylik, ilm-fan, bilim va maʼrifat, ezgu fazilatlarni ulugʼlash taʼlimotidir.

Shu borada mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi va madaniyati asosida yaratilgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni toʼplash, oʼrganish va keng targʼib etishga soʼnggi yillarda ulkan eʼtibor berilmoqda. Аyni shu maqsadda yurtimizda yangi-yangi ilmiy-maʼrifiy markazlar, diniy yoʼnalishdagi taʼlim maskanlari, qutlugʼ ziyoratgohlar barpo etilib, samarali faoliyat olib bormoqda.

Hech shubhasiz, bularning barchasi goʼzal diyorimizda barcha soha va tarmoqlar qatori diniy-maʼrifiy hayot ham uzluksiz rivojlanishda ekanidan dalolatdir. Bu ishlarda yurtimiz moʼmin-musulmonlari, butun xalqimizning munosib hissasi borligini taʼkidlab, buning uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Mana shu shukuhli ayyomda chet ellarda ona yurtga sadoqat tuygʼusi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham Ramazon hayiti bilan chin dildan qutlab, ularga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Ushbu sharofatli kunda dunyoning uzoq-yaqin oʼlkalaridagi musulmon ummatini ham qizgʼin tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga doʼstlik salomimizni yoʼllaymiz.

Аziz va muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga mustahkam sogʼliq, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ramazon oyida qilgan barcha ezgu niyat va duolarimiz ijobat boʼlsin!

Аlloh taolo jonajon Vatanimiz va xalqimizni oʼz panohida asrasin!

Iyd-al-Fitr ayyomi barchamizga muborak boʼlsin!

 

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi prezidenti

Izohlar 0

Fikr bildirish