So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
Prezident Ichki ishlar organi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
Bugun, 25-oktyabr Ichki ishlar xodimlarining kasb bayrami. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar xodimlariga tabrik yoʻlladi.
Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari! Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar! Muhtaram faxriylar!
Siz, azizlarni bugungi qutlugʻ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi katta xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.
Hozirgi kunda “Barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini ulugʻlash uchun” degan ezgu tamoyil asosida butun yurtimizda fuqarolarimiz uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, aholining turmush farovonligini oshirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, ularni el-yurt manfaatlari yoʻlida xizmat qiladigan xalqchil va professional tizimga aylantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarimiz, hech shubhasiz, muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Bu haqda soʻz yuritganda, soʻnggi yillarda barcha mahallalarda xavfsiz, tinch va osoyishta muhit yaratish, hududlarda ilgʻor tajriba va amaliyotlarni joriy etish boʻyicha muhim natijalar qoʻlga kiritilayotganini taʼkidlash lozim.
Xususan, Xiva tumanining Istiqlol mahallasi namuna sifatida belgilanib, shu asosda 314 ta kriminogen vaziyati ogʻir mahallada raqamlashtirish jarayoni toʻliq amalga oshirildi. Yonma-yon joylashgan, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni kichik hududlarga ajratgan holda, ularda yangicha ish uslublari orqali jamoat tartibini saqlash boʻyicha Namangan shahar tajribasi yaratildi.
Profilaktika, patrul-post va probatsiya xizmatlari inspektorlarining faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish, xodimlarning bilim darajasini oshirish orqali hududlarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar oʻtkazilmoqda. Xususan, Buxoro viloyatida mahallalar jamoat joylarida huquqbuzarliklarning oldini olish uchun kichik hajmdagi dronlardan foydalanish tajriba tariqasida yoʻlga qoʻyildi.
Eng muhimi, biz yosh avlodimizning sogʻlom hayoti va kelajagini taʼminlash uchun giyohvandlikning oldini olish, yoshlarda bunday vositalarga nisbatan kuchli immunitetni shakllantirish hamda ularning noqonuniy aylanmasiga, ayniqsa, internet tarmoqlari orqali tarqalishiga chek qoʻyishga qaratilgan milliy strategiyamizni qabul qildik va uni qatʼiy ijro etishga kirishdik.
Ana shunday islohotlar natijasida jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha yondashuvlar tubdan oʻzgardi. Huquqbuzarlik sodir etishi yoki undan jabrlanishi mumkin boʻlgan fuqarolarni profilaktika inspektorlari vaqtida aniqlashlari hamda mavjud muammolar “mahalla yettiligi” tomonidan samarali hal etilishi uchun ijtimoiy profilaktika tizimi va uning ijtimoiy-huquqiy mexanizmlari yaratildi. Jinoyatchilikka oid tendensiyalarni kompleks ilmiy yondashuvlar asosida aniqlash, tizimlashtirish va salbiy omillarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tizimida Oʻzbekiston Kriminologiya tadqiqot instituti ish boshladi.
Qayd etish lozimki, respublikamizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. Misol uchun, Buyuk Britaniyaning Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan oʻtgan yili eʼlon qilingan reyting koʻrsatkichlari boʻyicha Oʻzbekiston jahonning 121 ta mamlakati orasida eng xavfsiz davlat deb tan olindi. Bunday yutuq bizga mamnuniyat bagʻishlash bilan birga, katta masʼuliyat ham yuklaydi.
Aziz doʻstlar!
Tizim xodimlarining kasb mahoratini oshirish, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasi ham doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Bu jarayonda, avvalo, olis va chekka hududlarda joylashgan hamda kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan tuman va mahallalarda xizmat qilayotgan xodimlar mehnatiga alohida ahamiyat berilib, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitlari yaratilmoqda.
Albatta, bugungi shiddatli taraqqiyot asrida ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish – mamlakatimizda huquq-tartibotni yanada mustahkamlashning muhim omili ekanini sizlar yaxshi tushunasiz.
Shuning uchun tizimda olib borilayotgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlarni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz. Jumladan, yangi turdagi jinoyatlar hamda axborot vositalari yordamida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda taʼsirchan mexanizmlarni qoʻllash, kriminogen vaziyat boʻyicha “qizil” toifada boʻlib kelayotgan mahallalarda ilmiy yondashuvlar asosida jinoyatchilikni jilovlash yuzasidan manzilli ish olib borishimiz, tergov sifatini oshirish orqali aholi oʻrtasida bu sohada adolatga boʻlgan qatʼiy ishonchni shakllantirishimiz lozim.
Muxtasar aytganda, ichki ishlar tizimidagi oʻzgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz oʻz kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shart.
Hurmatli soha xodimlari!
Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga oʻz xizmat burchingiz va muqaddas qasamyodingizga doimo sodiq qolib, Vatanimiz va xalqimizga fidokorona xizmat qilib kelayotganingiz uchun chin dildan tashakkur bildiraman.
Hech shubhasiz, sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingizni munosib ragʻbatlantirish kelgusida ham davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibor markazida boʻladi.
Ushbu qutlugʻ ayyomda el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida halok boʻlgan mard va jasur soha xodimlarining xotirasini hurmat va ehtirom bilan yod etib, ularning oilalari va farzandlariga bayram tabrigimiz va ezgu tilaklarimizni yoʻllaymiz.
Sizlarni Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga mustahkam sogʻliq, oilalaringizga baxt-saodat, tinchlik va fayzu baraka, masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti