So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
Oʻzbekxon Qurʼoni faksimilye nashri yaratiladi
Joriy yilning 15-19-sentyabr kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F. Abduxalikov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirokida Turkiyada bir qator tadbirlar, davra suhbatlari, taqdimot va koʻrgazmalar oʻtkazildi.
Dastlab, markaz vakillari tomonidan 15-sentyabr kuni Istanbul shahridagi “Outdor Factory” kompaniyasi faoliyati yaqindan oʻrganildi. Mazkur kompaniya ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyini boyitish boʻyicha oʻz loyihalarini taqdim etgan. Kompaniya rahbari Sinan Turaman Turkiya Prezidentining Istanbul shahridagi muzeyida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirgan.
Safar davomida Istanbul shahridagi Ayo Sofiya majmuasi, Koʻk masjid, Toʻpqopi saroyi, qadimgi Efes shahri va Galikarnas maqbarasi kabi mashhur tarixiy yodgorliklarning kichik modellarini oʻz ichiga olgan Ochiq osmon ostidagi miniatyuralar muzeyi – Miniatürk singari diqqatga sazovor joylarda qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Markaz mutaxassislari ushbu tarixiy obidalar va muzeylar, kutubxona va boshqa maʼrifiy muassasalar tajribasini oʻrgangan.
Markaz delegatsiyasi safar davomida Turkiyadagi ana shunday muassasalarda zamonaviy interaktiv dasturlar, axborot texnologiyalarining eng soʻnggi yutuqlaridan qay darajada foydalanilayotganiga eʼtibor qaratilgan.
Jumladan, Bolalar va yoshlar uchun moʻljallangan “Deneyap Technology Atölyesi” taʼlim dasturi, “Istiqlol” Istanbul illyuziyalar muzeyi, Turkiya Zamonaviy sanʼat muzeyi, Istanbulning Usmoniy sulton Mehmed Fotih tomonidan fath etilishiga bagʻishlangan “Panorama 1453” muzeyi, Ayo Sofiya tarixi muzeyida bu borada jahondagi eng ilgʻor va zamonaviy metodlar, turli 3D shoular, video-kontentlar ishlatilmoqda.
Delegatsiyaga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy maslahatchisi Xalit Eren, Milliy saroylar boshqarmasi boshligʻi Yasin Yildiz, Turkiya qoʻlyozmalar idorasi rahbari Joʻshkun Yilmaz, qator nufuzli oliy oʻquv yurtlari professorlari, olim va mutaxassislar hamrohlik qilishdi.
Istanbuldagi uchrashuvlar, tashriflar chogʻida Oʻzbekiston madaniy merosi bilan bogʻliq qator nodir qoʻlyozmalar va tarixiy eksponatlar bilan ham tanishilgan.
Jumladan, Turk va Yevropa meʼmorchiligining nodir namunasi “Yulduz” saroyida Qoʻqon xoni Amir Umarxon turk sultoni Mahmud II ga hadya qilgan Qurʼoni Karim nusxasi saqlanmoqda. Toʻpqopi muzeyida temuriylar davriga oid qator nodir osori atiqalar, Buxoro amirining turk sultoni Abdulhamid II ga yuborgan hadyalari, islom olamining eng nodir va muqaddas omonatlari oʻzbekistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirgan.
Turkiya tarixidagi muhim maskanlardan biri – Dolmabaxche saroyida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholikov va Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy saroylar boshqarmasi raisi Yasin Yildiz oʻrtasidagi uchrashuvda mushtarak milliy merosimizni oʻrganishda ilmiy kuch va imkoniyatlarni birlashtirish yuzasidan fikr almashilgan.
“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan dunyo miqyosida islom dinining maʼrifatparvarlik tamoyillarini keng targʻib qilish, madaniy merosni asrab-avaylashda amalga oshirilayotgan ishlar alohida eʼtiborga molik. Bu borada Turkiyada ham nihoyatda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralarda ham bu borada hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Oʻylaymizki, oʻzbekistonlik doʻstlarimizning bu tashrif har ikki yurt olimlari va tadqiqotchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, — dedi Yasin Yildiz.
Uchrashuvda bu borada oʻzbek va turk olimlarining hamkorligi doirasida qoʻshma forum tashkil qilish taklif qilindi. Yasin Yildiz Turkiyadagi milliy saroylar, muzey va kutubxonalar bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidan yangi kitob-albomlar chop etish boʻyicha hamkorlik qilishini bildirgan.
Turkiya zamini buyuk aziz-avliyolar, ulugʻ mutafakkirlar xoki mangu qoʻnim topgan zamin. U yerda Oʻzbekiston zaminida yetishib chiqqan va qadim Rum oʻlkasiga safar qilib, shu yerda umrining soʻnggi damlarida yashab ijod qilgan ajdodlarimiz xoki yotibdi. Delegatsiya vakillari Istanbulning Ayyub Sulton maqbarasida dafn qilingan Ali Qushchi qabri, Uskudarda bir paytlar haj ziyoratiga otlangan hamyurtlarimiz uchun vaqtincha boshpana vazifasini oʻtagan Oʻzbeklar tekkesi (xonaqohi)ni ziyorat qilib, ajdodlarimiz ruhiga hurmat bajo keltirildi.
Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi – IRSIKAning sobiq rahbari Xalit Eren Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalarida ham faol ishtirok etib kelmoqda.
“Oʻzbekiston rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan umuminsoniy islohotlarni muntazam kuzatib boraman. Yaqinda bu islohotlarning jahonshumul ahamiyatiga bagʻishlangan maxsus maqolamni Turkiyada ingliz tilida chop etiladigan “Daily Sabah” gazetasida eʼlon qilgan edim. Bu maqola va barcha diplomatik korpus vakillari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikdagi Turkiyada saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid eng nodir Qurʼon qoʻlyozmalari loyihasi ustida ish olib boryapman, — dedi Xalit Eren.
Ayni paytda Markaz rahbariyati tomonidan qardosh yurtdagi matbaa korxonalari, xattot noshir va dizaynerlar bilan ham doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu galgi safar chogʻida “Mega Basim” nashriyot uyi direktori Hasan Kondu, Qurʼoni Karimni 1500-yillik xat va bezak uslublarini oʻz ichiga olgan qoʻlyozma xattoti Husayn Kutlu bilan muzokaralar olib borildi. “Oʻzbekiston qoʻlyozma merosida tarixiy shaxslar”, “Klavixoning Amir Temur saltanatiga sayohati”, “Qurʼoni Karimning 114 nodir qoʻlyozmasi”, “Oʻzbekistonning noyob musʼhaflari” kitob-albomlarini chop etish boʻyicha uchrashuv va muloqotlar oʻtkazilgan.
Delegatsiya vakillari ishtirokida 17-sentyabr kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi – IRSIKA tashkiloti binosida mamlakatimizning qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati haqida “Yangi Oʻzbekiston: zamon, makon va madaniy meros” mavzusidagi fotokoʻrgazma tashkil qilindi. Fotokoʻrgazma doirasida “Oʻzbekiston-Turkiya: tutash ildizlar va umumiy meros” media-ivent dasturi va “Oʻzbekistonning buyuk allomalari ensiklopediyasi” loyihasi taqdimotlari oʻtkazilgan.
Ushbu tadbir davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy ilmiy tekshirish markazlari taqdimotlari oʻtkazildi. Shuningdek media-ivent doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom tadqiqotlar markazi va IRSIKA oʻrtasida “Oʻzbekistonning buyuk allomalari” ensiklopediyasini yaratish boʻyicha kelishib olingan.
18-19-sentyabr kunlari ham oʻzaro manfaatli uchrashuvlarga boy boʻldi. Jumladan, Fuat Sezgin ilm-fan va texnologiyalar tarixi muzeyi, Toʻpqopi saroyi muzeyi, Turk-islom sanʼati muzeyi tajribasi yaqindan oʻrganildi. Bir qator tarixiy nodir qoʻlyozmalar, jumladan Qurʼoni Karimning Oltin Oʻrda hukmdori Oʻzbekxon davrida yaratilgan, temuriy shahzoda Boysunqur Mirzo tomonidan koʻchirilgan nusxalarining faksimile nashrlarini yaratish yuzasidan muzey rahbarlari bilan kelishuvga erishilgan. Turkiya qoʻlyozma asarlar boshqarmasi raisi professor Joʻshqin Yilmaz tomonidan “Sahih ul-Buxoriy” asarining XIII asrda koʻchirilgan eng qadimgi toʻliq qoʻlyozmasining faksimile nusxasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy innovatsion muzeyiga hadya qilingan.
Ana shunday qiziqarli, foydali uchrashuvlar, muzokaralar Turkiya poytaxti Anqara shahrida ham davom etdi. 17-sentyabr kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari tomonidan Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Millat kutubxonasida yurtimizdagi mazkur markazlarning taqdimotlari tashkil etildi. Xususan, Turkiya Milliy kutubxonasida tashkil etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi burchagini yanada boyitish boʻyicha ushbu kutubxona mutasaddilari bilan muzokaralar olib borilgan.
Boshqarma huzuridagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozmalar fondi bilan tanishildi va kitoblarni saqlash sharoitlari oʻrganildi, tajribalar almashildi. Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari Romiy kutubxonasining restavratsiya laboratoriyasida boʻlib, u yerdagi ish jarayonlari, qadimiy qoʻlyozma manbalarni tiklash-taʼmirlash tajribalari bilan tanishildi. Ayni paytda bu yerda oʻzbekistonlik bir guruh restavratorlar ham tajriba oʻtamoqda.
“Turkiyaga bu galgi tashrifimiz juda esda qolarli va manfaatli boʻldi, deyish mumkin. Yaqinda Samarqandda oʻtkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” Xalqaro kongressida 40 ga yaqin turkiyalik olimlar ishtirok etib, markazimiz faoliyatini takomillashtirish yuzasidan 30 dan ortiq taklif va loyihalarni ilgari surishgan edi. Biz ushbu mutaxassislar bilan uchrashib, ularning oʻz loyihalari boʻyicha ishlarni davom ettirish yuzasidan muzokaralar olib bordik, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxolikov.
Markazning aytishicha, turk muzey va kutubxonalaridagi Oʻzbekiston madaniy merosiga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishib, ikki xalq madaniyati, tarixi va taqdiri bir-biriga chambarchas bogʻliq ekaniga yanada ishonch hosil qilingan.
“Bu safardan olingan xulosalar keyingi faoliyat yoʻnalishlarini aniq va toʻgʻri belgilab olishimizda katta oʻrin tutadi”, deyiladi markaz matbuot xizmati.