Qidirish

21:27 / 2024-09-13 2566 0 Hodisalar

Navoiyda Merey Omonboyevadan “jabrlangan” MCHJ taʼsischisi firibgarlikda ayblanmoqda

Navoiyda bir uyni bir nechta fuqaroga sotgani va uylar oʻz vaqtida topshirilmayotganidan norozi fuqarolarni eshitishga borgan Demokrat.uz jurnalistlariga bosim qilingani haqida xabar berilgan edi.

world-news

OAV xodimlariga beixtiyor bosim qilganlar “BRIGHT INDUSTRY BUILDINGS THE FUTURE” MCHJ vakillari boʻlib, fuqarolar oʻz intervyularida quruvchi tomonidan aldangani, ularga vaʼda qilingan uylar oʻz vaqtida topshirilmayotgani, ayrimlari esa bir xonadon boshqa fuqarolarga ham sotilganini bildirgan.

Ammo bu holat boʻyicha tegishli tashkilotlar ommaviy axborot vositalarida yoritulgunga qadar sukut saqlab kelgan. Yaʼni ish boʻyicha fuqarolarning arizalarini bepisand qoldirishgan. Shuningdek, sal narsaga xozir-u nozir hokimlik va boshqa masʼul idoralar negadir bu holatga uzoq vaqtdan buyon koʻz yumgan.

Va nihoyat 20-avgust kuni fuqarolarning murojaatlariga asosan “BRIGHT INDUSTRY BUILDINGS THE FUTURE” MCHJ mansabdor shaxslariga JKning 168-moddasi 4-qismi a-bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov tergov harakatlari boshlangan.

Jamiyat mansabdorlari Navoiy shahrida qurilayotgan koʻp qavatli uydagi 140 ta xonadonni sotish boʻyicha fuqarolar bilan 374 ta shartnoma tuzib, ushbu xonadonlarning 32 tasini 68 nafar fuqaroga sotib, tushgan pul mablagʻlarini oʻz shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib, talon-taroj qilishgani keltirilgan. Tergov bu ishlar ortidan yetkazilgan zararni 9 mlrd 576 million soʻm deya baholagan.

Ochiq manbalarga koʻra, “BRIGHT INDUSTRY BUILDINGS THE FUTURE” MCHJning yagona taʼsischisi Mehroj Samatovich Rahmatov.

U avvalroq Savdo-sanoat palatasining Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Merey Omonboyevaga doir jinoyat ishida jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan. Sobiq deputat Rasul Kusherbayevning maʼlum qilishicha, ishda jabrlanuvchining oʻzi firibgar boʻlib chiqayotgani juda ham qiziq holat.

Maʼlumot oʻrnida, SSP Navoiy boshqarmasi boshligʻi Merey Omonboyevaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi 18-sentyabr kuni Navbahor tuman sudida yopiq tarzda boʻlib oʻtadi.

2024-yil 6-martdan buyon Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan Merey Omonboyeva jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a bandi bilan (juda koʻp miqdordagi firibgarlik ishlarida) ayblanmoqda.

Bunday jinoyat uchun BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mavjud. Jinoyat ishi sudya Alisher Fayzullayev raisligida tekshiriladi.

Taʼkidlash joizki, shu yilning aprel oyida ham Merey Omonboyevaga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Keltirilishicha, Omonboyeva Navoiy shahri hokimi orqali yer maydoni olib berishni vaʼda qilib, quruvchi tadbirkorlar (yuqoridagi) dan katta miqdorda pul olgani aytilgan.

27 yoshli Merey Omonboyeva 2020-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Hozirgi lavozimidan oldin, “Zarafshon” mahallasida hokim yordamchisi boʻlib ishlagan. 2021-yil Karmana tumanidagi quyosh fotoyelektr stansiyasini ishga tushirish marosimida u davlat rahbariga “sizning kelganingizdan «dux” oldik» -degandi. Shavkat Mirziyoyev unga Prezident sovgʻasi sifatida Nexia 3 hadya qilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish