Qidirish

19:33 / 2024-09-04 792 0 Biznes

“Ugam”, “Humson”, “Chorvoq”: Boʻstonliqda nimalar qurilyapti?

Davaktiv agentligi tomonidan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi hududida joylashgan “Ugam” turistik majmuasi, “Humson sanatoriyasi” dam olish maskani, “Chorvoq oromgohi” (“Piramidalar”) dam olish maskani hamda Chorvoq TRZ hududida joylashgan 45 ta yer uchastkalariga ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida press-tur tashkil qilindi.

Press-turda Effect.uz xodimlari ham ishtirok etib, dastlab “Ugam” turistik majmuasini koʻzdan kechirishdi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur majmua Oʻzbekistondagi unikal loyiha boʻlib, u yerda 18 ta blokda koʻp qavatli binolar barpo etilmoqda.

Shuningdek, 830 ta bir, ikki va uch xonali apartamentlar, 100 oʻrinli bolalar bogʻchasi, 400 oʻrinli restoran, 100 oʻrinli fitnes va spa majmuasi, 500 ta avtomobilga moʻljallangan avtoturargoh va boshqa qulayliklarga ega turistik majmua qurilmoqda.

Apartamentlar qurilish jarayonida boʻlgani bois, “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali investitsion shartnoma tuzish huquqi sotuvga qoʻyiladi. Majmuadan muddatli toʻlov evaziga apartamentlarni xarid qilib, xaridor oʻzi dam olishi yoki uni ijaraga bergan holda foyda olishi mumkin.

Qayd etilishicha, turistik majmuada apartamentlar tayyor taʼmirlangan holda sotiladi. Apartamentlarni boshqaruv kompaniyasi orqali ijaraga berish imkoniyati mavjud. Majmuadagi elektr toki yangi qurilayotgan GES orqali taʼminlanadi va isitish tizimi avtonom shaklda suyultirilgan gaz tizimida ishlaydi.

Bundan tashqari, Davaktiv agentligi tomonidan ommaviy savdolarga qoʻyilishi rejalashtirilgan “Humson sanatoriyasi” dam olish maskaniga ham tashrif buyurildi. Sanatoriyaning umumiy maydoni 14,93 ga boʻlib, bino-inshootlar maydoni 14 971,1 kv.m., mavjud xonalar soni esa 253 ta. Hozirgi vaqtda Humson dam olish maskanining xususiylashtirish jarayonlariga konsultant jalb qilish choralari koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, OAV vakillari “Chorvoq” suv ombori yaqinida joylashgan 45 ta yer uchastkalariga tashrif buyurib, ijara huquqi asosida “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiq savdolarga chiqarilganligi, hamda yer uchastkalari 20 sotixdan 6,7 gektargacha boʻlgan lotlardan iborat ekanligi boʻyicha maʼlumot berildi.

Mazkur yer uchastkalarini sotib olgan xaridor toʻlovlarni 24 oy muddatda boʻlib toʻlash imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, bu yer uchastkalarida mehmonxonalar, mehmon uylari, sport-sogʻlomlashtirish inshootlari, xizmat koʻrsatish va savdo majmualarini qurishga ruxsat etiladi.

Taʼkidlanganidek, “Chorvoq oromgohi” (“Piramidalar”) dam olish maskani Davaktiv agentligining 2021-yil 7-oktyabrdagi ommaviy savdo toʻgʻrisidagi eʼloniga muvofiq savdoga chiqarilgan edi. Savdo yakunlari boʻyicha “Vip Logistics” MCHJ QK 208,0 mlrd soʻm xarid toʻlovlarini amalga oshirish sharti bilan savdo gʻolibi deb topilgan.

Qoʻshimcha maʼlumot uchun “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Marketing va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimiga murojaat qilishingiz mumkin.

Tel.: +998(71)202-23-10, +998(90)828-21-11, +998(90)902-01-09.

Izohlar 0

Fikr bildirish