Qidirish

22:08 / 2024-08-17 972 0 Siyosat

Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalar Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirdi

Oʻzbekistonda deputatlikka nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchilar imzolarini toʻplash jarayoni yakunlandi. Siyosiy partiyalar tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirishning soʻnggi muddati 17-avgust hisoblanadi.

world-news

2024-yil 27-oktyabr kuni Oʻzbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlari uchun saylovlar boʻlib oʻtadi. Markaziy saylov komissiyasining OAVga maʼlum qilishicha, oʻtkaziladigan saylovlarning muhim jarayonlaridan biri – siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchilar imzolarini toʻplash jarayoni nihoyasiga yetgan.

Saylov kodeksining 68-moddasiga koʻra, siyosiy partiya saylovda oʻz ishtirokini qoʻllab-quvvatlovchi kamida 40 ming vakilning imzosini toʻplagan taqdirda deputatlikka nomzod koʻrsatishi mumkin.

Markaziy saylov komissiyasining 26-iyuldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan saylovlarni oʻtkazish kalendar rejasiga muvofiq, siyosiy partiyalar tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirishning soʻnggi muddati 17-avgust hisoblanadi.

Imzo toʻplashda besh partiya – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi ishtirok etdi.

Korxonalar va tashkilotlar, bogʻlar-u bozorlar, shuningdek, odam gavjum boʻlgan boshqa jamoat joylarida imzolar toʻplandi. Bu safar tanlangan joylar yanada koʻproq odamlar saylovning ushbu bosqichi haqida xabardor boʻlishi va bevosita imzo toʻplash jarayonlarida oʻzlari ishtirok etishlari uchun imkoniyat yaratib berdi.

Gavjum joylarda axborot stendlari va plakatlar oʻrnatilgan hamda xohlovchilarga vizual tarzda tayyorlangan tarqatma materiallarni ham olish imkoniyati taqdim etilgan. Shuningdek, fuqarolar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari, u yoki bu partiya uchun oʻz imzosini qoldirishlari mumkin boʻlgan.

Markaziy saylov komissiyasiga koʻra, imzo toʻplash nomzodlar va saylovchilar oʻrtasida “bogʻlovchi boʻgʻin” vazifasini oʻtovchi muhim jarayon hisoblanadi. Asosiysi, fuqarolar siyosiy partiyalarning maqsad va vazifalari, qadriyatlari toʻgʻrisida tasavvur hosil qiladilar.

Qolaversa, bu jarayonda elektoratning qoʻllab-quvvatlashi muhim hisoblanadi. Imzolarni yigʻish shunchaki rasmiyatchilik emas, balki fuqarolarning ishonchini va xayrihohligini ifoda etishidir.

Bundan tashqari, fuqarolarning imzo toʻplashdagi faol ishtiroki siyosiy jarayonlarga qiziqishning ortganligi va jamiyat oʻzgarishlarining bir qismi boʻlishga tayyorligidan dalolat beradi.

Parlament saylovida ishtirok etish uchun imzo toʻplash saylov jarayonining muhim bosqichi boʻlib, keng jamoatchilik orasida siyosiy partiyani real qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayon siyosiy partiyalarni fuqarolar bilan faol muloqot qilishga, saylovoldi dasturini shakllantirishda yaqindan fikr almashishga undaydi.

Izohlar 0

Fikr bildirish