Qidirish

02:52 / 2024-08-17 1275 0 Hodisalar

MIZAN va Geologiya vazirligi oʻrtasidagi nizo: Oliy sud quyi instansiyaning ikki qarorini bekor qildi

Effect.uz avvalroq Turkiya shirkatining taʼsischiligi ostida Oʻzbekistonda faoliyat olib borishi koʻzda tutilgan “MIZAN ITHALAT VE IHRACAT TURIZM PAZARLAMA TICARET” MCHJning Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan sudlashayotgani haqidagi voqealarni yoritib borayotgan edi.

Oliy sudning maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati joriy yilning 7-iyun kuni mazkur sud ishi boʻyicha qaror qabul qildi va ikki instansiya sudining qarorlarini bekor qilgan holda, ishni qaytadan koʻrish uchun apellyatsiya instansiyasiga yubordi.

Bungacha mazkur ish Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasi va taftish instansiyalarida koʻrilgan edi. Bundan kelib chiqadiki, Oliy sudning maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati “MIZAN ITHALAT VE IHRACAT TURIZM PAZARLAMA TICARET” MCHJning bergan shikoyatini qisman qanoatlantigan. Ayni kunlarda ish qaytadan koʻrib chiqilmoqda, 19-avgust kuni navbatdagi sud ishi davom etadi.

Voqealar qanday boshlangan edi?

Bir yildan ortiq vaqt mobaynida “Mizan Ithalat ve Ihracat Turizm Pazarlama Ticaret” MCHJ xorijiy (turk) korxonasi direktori Sobir Qurbonov (millati oʻzbek) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan sudlashmoqda. Bunga vazirlik xorijiy korxonaga oʻzi tomonidan 2023-yil yanvarda bergan ruxsatnomasini noqonuniy ravishda muddatidan avval bekor qilib yuborgan. Maʼlumot oʻrnida, MCHJ ushbu ruxsatnoma orqali Toshkent viloyati “Apartak 3” koʻmir konida foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga 10-yil davomida ega boʻlishi kerak edi. Aynan mojaro mana shu ruxsatnomaning bekor boʻlishidan boshlangan.

Geologiya vazirligi oʻzi bergan ruxsatnomani, qanday bekor qilishga erishdi?

Vazirlik ruxsatnomani jamiyatda bosh hisobchi boʻlib ishlaydigan (keyinchalik shu ruxsatnoma qayta rasmiylashtirib berilgan MCHJda direktor boʻlib ishlaydigan shaxs U.Z) shaxs Umid Zaripov (ismi oʻzgartirilgan) ning murojaatiga koʻra “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qonunning 33-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisini asoslagan holda” bir qarori bilan bekor qilgan. Bu esa hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmasada, bungacha ishni koʻrgan sudlar koʻplab qonunbuzilish holatlariga koʻz yumgan. Ruxsatnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorga shaxsan vazir Bobir Islomov imzo chekkan. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi sudlarda jamiyat vakili murojaatiga koʻra ruxsatnomani bekor qilish mumkin ekanligiga urgʻu qaratmoqda.

Vaholanki, jamiyat vakili boʻlgan shaxsda bunday vakolat mutlaqo boʻlmagan va u jamiyat direktorining 8-sonli farmoni bilan 2-may kuni faqatgina bosh hisobchi lavozimiga tayinlangan. Ammo u oʻzini vazirlik yoki boshqa idoralarga goʻyoki MCHJda yuqori vakolatli shaxs sifatida tanishtirgan.

Oliy sudning maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati qarorida quyi sudlarning qoʻpol xatolariga yaqqol guvoh boʻlishingiz mumkin.

Ish shu kungacha uchta sudda koʻrilgan boʻlib, sud hokimiyatining qonunlarga bepisandligi ortidan xorijiy korxona katta zararga kirgan, shunchaki bosh hisobchining arizasi bilan ruxsatnomani bekor qilib yuborgan vazirlikning bu ishdan qanday manfaati borligi bizga hozircha nomaʼlum.

Toshkent shahar prokuraturasi avvalgi sud qarorlarini bekor qilish boʻyicha kiritgan protesti ham hatto oʻqib koʻrilmasdan rad etilgan. Eng qizigʻi, ruxsatnoma “Mizan”dan 7-avgust kuni olib qoʻyilgach, 15-avgust kuni boshqa xorijiy korxonaga qaytadan rasmiylashtirilgan, vazirlik “Mizan”ning norozilik xatlariga goʻyoki ish sudda koʻrilayotgani, keyinchalik vakolatli organning tegishli qarori boʻlsa, uning ijrosini taʼminlashini bildirgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish