So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
“Arqadagʻlar”: Oʻzbekistonda zoʻravon hokimlarga kimning ham kuchi yetardi?
Soʻnggi kunlardagi anomal issiq Oʻzbekistondagi ayrim hokimlarga qattiq taʼsir qilgan koʻrinadi. Jumladan, buni Qashqadaryo va Andijondagi jaziramadan ham qiyinchiliksiz bilish mumkin, zero ularning zoʻravonliklariga chidab boʻlmaydi.
Qashqadaryodagi dastlabki ikki holatga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Kasbi tumani hokimi Toʻxtamurod Meyliyev fermerga qoʻl koʻtargan, Chiroqchida esa yaqinda ish boshlagan Fayzulla Yusupov ham bozorda fuqaroga tarsaki tushirgan.
Kasbi hokimiga qanday chora koʻrilgani nomaʼlum, ammo fuqaroni urgani bilan jamoatchilik eʼtiborini tortgan qoʻli uzun Chiroqchining hokimi shunchaki intizomiy jazo bilan jazolangan. Tasavvur qiling, aksiga olib, shunday vaziyatlarning birida fuqaro hokimga qoʻl koʻtarganda, uni qanday jazo kutar edi.
Har ikki holat ham ijtimoiy tarmoqlarda keskin eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Fermerni qarsillatib doʻpposlagan Kasbi hokimi yaqinda majlislardan birida yoshlar yetakchisi boʻlgan yosh qizni kurakda turmas soʻzlar bilan haqorat qilgani bilan odamlarning yodidan chiqishga ulgurmagandi.
Bundan tashqari, uning yana bir xurmacha qiligʻi ham odamlar nafratiga sabab boʻlgan. Meyliyev tumandagi majlislardan birida “Prezident vakiliman” deya soliqchilarga bosim oʻtkazib, majburiy soliq undirishni, aholiga majburiy tarzda quyosh panellari oʻrnattirishni va pillakor fermerlar ustidan nazorat qilishni mahalla yettiligiga topshirgan.
“Hokim 2-iyun yakshanba kuni soat 9:00 dan 13:00 gacha majlis oʻtkazdi. Majlisda Pillaqoʻm masalasini koʻrib chiqish uchun mahalla yettiligi, raislar, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, hatto xotin-qizlar faoli chaqirildi”, deydi Effect.uz manbasi.
Kuni-kecha esa hokimlar bilan bogʻliq yana bir holat internetda ommalashib, tarmoq foydalanuvchilarining gʻazabiga duchor boʻldi. Hokim bozorda fuqaroga ochiqdan-ochiq qoʻl koʻtargan, fuqaro kaltaklanayotgan paytda uning oldida Ichki ishlar xodimlari ham boʻlgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati Fayzulla Yusupovning xatti-harakatlari viloyat hokimligi apparat yigʻilishida keskin muhokama qilingani va shundan soʻng hokimning ish faoliyatida yoʻl qoʻygan boshqa kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilganini maʼlum qildi.
Tuman hokimi har bir fuqaro bilan xushmuomala va hurmat bilan munosabatda boʻlishi, muloqot chogʻida odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishi uqtirildi va kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻygan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilgan.
Kaltaklangan fuqaroning ahvoli haqida esa maʼlumot berilmagan, hokimning zoʻravonligi faqat oddiy ogohlantirish bilan cheklangan. Viloyat hokimligi tuman hokimlarining harakatlarini kuzatib borar ekan, Kasbi hokimining qilmishi boʻyicha sukut saqlagan.
Eng ajablanarlisi, Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov yana bir bor tarmoqda mashhurlikka erishishni uddaladi. U “Dunyo sadolari” doirasida Ommaviy axborot vositalari vakillari jumladan jurnalistlarni kamsitgan.
Andijon viloyatining Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro festivali boʻlib oʻtdi, viloyat hokimligi ushbu festivalga byudjetdan 6 mlrd sarflangani toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Qoʻllaringdan hech narsa kelmaydi deya jurnalistlarga katta ketgan hokimning harakatlari toʻgʻrisida tarmoqda turli fikrlar yangradi. Ayrimlar hokim tarafda turib, uni sobit himoyalagan boʻlsa, boshqalar Abdurahmonovning dunyo qarashi toʻgʻrisida salbiy fikrlar bildirishdi.
Achinarlisi, viloyat hokimligi matbuot xizmati internetda tarqalgan videolavhada aytilgan soʻzlar aynan jurnalistlarga qaratilmagani toʻgʻrisida yolgʻon bayonot berib, hokimning aytganlari boshqa davrada, boshqa insonlarga qaratilganligi bilan oʻzini oqlashga urindi.
Bayonotda aytilishicha, videoni tarqatgan jurnalist keyinchalik xato qilganini tan olib, videoni oʻzidan oʻchirgan. Nahotki, ogʻzi polvonligi bilan boshqalardan ajralib turadigan Andijon hokimi jurnalist xatosini tan oldirishgacha borgan.
Masʼul bu video qaysi jurnalist tomonidan tarqatilganiga, shuningdek, viloyat hokimining “mening gaplarimdan kavak qidirmalaring, qoʻllaringdan balo ham kelmaydi”, degan gapi aynan kimga qaratilganiga aniqlik kiritmagan.
Effect.uzʼda esa voqeaning boshqacha formati mavjud. Hokim oʻsha kuni darhaqiqat ushbu soʻzlarni gapirgan, jurnalistlarga qaratilgan fikrlar oʻylashimizcha hazil tariqasida aytilgan. Chunki ushbu davrada Effect.uz xodimlari ham ishtirok etgan boʻlib, Abdurahmonov bu fikrlarni kechki tushlik paytida soʻzlagan.
Hokimning shu kungi marosimda aytgan barcha soʻzlari tahririyatda mavjud boʻlib, tahririyat bu borada hokimning internetda tarqalgan videosida aytilgan soʻzlarning boshlanishini ommaga taqdim etadi. Chunki toʻliq yozib olingan audioda boshqa mavzular toʻgʻrisida ham fikrlar bildirilgan. Effect.uz jurnalisti hokim nutqiga guvoh boʻlib, bu holatda qandaydir gʻayritabiiylik yoʻqligini Abdurahmonov davradagi kayfiyatni yanada koʻtarish maqsadida hazil tariqasida bu soʻzlardan foydalangan mumkin boʻlishini aytadi.
Ammo festivalning ikkinchi kuni jurnalistlar tadbirni yoritishda sahnaga sababsiz kiritilmagan, bu vaziyatda Shuhrat Abdurahmonovning Xonabodda ishlayotgan komandasi masʼuliyatsizlikda lider boʻldi. Birinchi va ikkinchi kun oʻrtasidagi farq u qadar katta boʻlmasada dastlabki kunlar jurnalistlarning izzat-hurmatini joyiga qoʻygan andijonliklar boshi Shuhrat Abdurahmonovning OAV xodimlari oldida bergan vaʼdalari tadbirning ikkinchi kunida aksinchasiga ijro etildi.
Buni qarangki, jamoasi yomon ishlagan hokimning oʻzi kechki tushlikda “gaplarimdan kavak qidirmalaring qoʻllaringdan balo ham kelmaydi” deya oʻzi qovun tushurib oʻtiribdi. Viloyat hokimligining yolgʻon bayonoti esa dard ustiga chipqon boʻldi, axir qanday qilib faqat jurnalistlardan tashkil topgan davrada hokim boshqalarga gapirishi mumkin.
Yoki Abdurahmonov OAV orqali “qizim sanga gapiraman, kelinim san eshit” qabilida ish tutdimikin? Bunisi bizga qorongʻu, asosiysi bundan keyin hokim buvaning turli harakatlari aks etgan videolar turli talqin qilinib, tarmoqlarda aylanmasa boʻlgani… Aylansa ham, hokimni kerakli vaqtda oqlay oladigan matbuot xizmati baraka topsin...
Akmal Eshonxonov