Qidirish

23:20 / 2024-08-07 481 0 Siyosat

“Shuhrat Abdurahmonovning jurnalistlarga aytgan soʻzlarini oqlab boʻlmaydi” – Jurnalistlar uyushmasi Andijon hokimining harakatlarini keskin qoraladi

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning jurnalistlarga qarata aytgan fikrlarini keskin qoraladi.

world-news

Hokim jurnalistlarga qarata: “Mening gaplarimdan kavak qidirmanglar. Ovora boʻlib yomonlik qidirmalaring. Qoʻllaringdan balo ham kelmaydi baribir... Ming oʻylaganing bilan soching oqaradi yoki toʻkiladi, xolos, boshqa narsa boʻlmaydi” degan edi.

Andijon hokimi ushbu soʻzlarni viloyatda oʻtgan “Dunyo sadolari” xalqaro festivali boʻyicha jurnalistlar bilan Xonobod shahrida oʻtkazilgan muloqotda gapirgan. Unda poytaxtdan kelgan bir guruh markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar qatnashgan.

“Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda ochiqlik siyosatini, matbuot va soʻz erkinligini, jurnalistlarning haq-huquqlarini taʼminlash, ularni huquqiy himoya qilish hamda har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgan bir paytda Andijon viloyati hokimi jurnalistlarga qarata aytgan yuqoridagi soʻzlarini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati vakili taqdim etgan materialda hokim yuqoridagi soʻzlarni jurnalistlarga emas, boshqalarga aytgani maʼlum qilingan.

Andijon viloyati hokimi ishtirokidagi ayni muloqotda qatnashgan bir qator markaziy OAV vakillari esa Sh.Abdurahmonov yuqorida keltirilgan soʻzlarni jurnalistlarga qarata aytganini tasdiqlashmoqda.

“Dunyo sadolari” xalqaro festivaliga Toshkentdan borgan jurnalistlarimiz mazkur tadbirni yoritishda ham baʼzi tushunmovchiliklar-toʻsqinliklar boʻlganini aytishmoqda.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi 82-moddasida Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi belgilanganini eslatadi. Barcha mutasaddi rahbarlarni Bosh qomusimizda mustahkamlab qoʻyilgan ushbu normaga ham qatʼiy amal qilishga chaqiradi.

Uyushma Andijon viloyati hokimi bilan bogʻliq yuqoridagi holatni qoralaydi. Oʻz navbatida, ushbu holat boʻyicha tegishli organlardan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq munosabat bildirishini soʻraydi”, deyiladi uyushma munosabatida.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq viloyat hokimligi Abdurahmonov bu soʻzlarni jurnalistlardan iborada davrada aytilganini bila turib, rahbariyatini oqlagan holda, “bu jurnalistlarga qaratilmagan edi” deya yolgʻon bayonot bergan edi. Shundan soʻng hodisa ortidan vaziyat hech qanday oʻzgargani yoʻq.

Izohlar 0

Fikr bildirish