Qidirish

21:21 / 2024-04-28 2807 0 Jamiyat

Buxorodagi mahallalarda aholi daromadini oshirish boʻyicha amaliy seminarlar tashkil etildi

Davlat rahbari topshirigʻiga asosan Prezident maslahatchisi oʻrinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyati Shofirkon tumani mahallalarida aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish boʻyicha amaliy seminarlar tashkil etmoqda.

world-news

Xususan, bunday ochiq muloqotlar tumanning “Talisafed”, “Guliston”, “Temirchi”, “Boboato” kabi mahallalarda sektor rahbarlari, jamoat faollari, ilgʻor tadbirkorlar hamda ishsiz aholi vakillari jalb qilingan holda tashkil etilgan.

Seminar ishtirokchilariga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joylarda “Sayxunobod” va “Uychi” tajribalari asosida aholi daromadini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, tadbirkorlik bilan shugʻullanish, tomorqadan unumli foydalanish kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar borasida batafsil maʼlumot berlgan.

Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar oʻz bilim va malakalari bilan oʻrtoqlashib, qoʻshimcha daromad topish mumkin boʻlgan faoliyat turlari borasida batafsil toʻxtalib oʻtishdi. Jumladan, “LIVADIYA-BUKHARA” MCHJ tomonidan taqdim qilinayotgan mevalarni quritish dastgohlari yordamida 20 dan ziyod hildagi quruq meva mahsulotlarini tayyorlash, tomorqalarda bozorbop mahsulotlar yetishtirish yoki har bir xonadonda qoʻziqorin hosilini olish mumkinligi ishtirokchilarga aniq misollar bilan koʻrsatib berilgan.

Seminar doirasida ishtirokchilar “Temirchi” mahallasining Boylar qishlogʻida yashovchi Mardon Hamroyev xonadonida boʻlib, uning erishgan natijalari bilan yaqindan tanishdilar. U tomorqadan samarali foydalanish borasida yetarli tajriba toʻplagan dehqonlardan hisoblanadi. Mardon aka dehqonchilik va chorvachilikni ham yoʻlga qoʻyib, roʻzgʻorining taʼminotidan tashqari yaxshigina daromad olishga erishib kelmoqda.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Talija qishlogʻidagi hunarmandchilik tarmogʻida uzoq yillardan buyon mehnat faoliyatini yuritayotgan chevar kashtadoʻz Muhabbat Qoʻchqorova xonadoniga ham borishdi. Kashtadoʻz ayolning koʻp sonli shogirdlari qatorida bugun xorijdan mehnat migratsiyasidan qaytgan xotin-qizlarga hunar sirlari oʻrgatib kelinmoqda. Xonadon bekasi bilan muloqotda yuzdan ortiq shogirdiga ega boʻlgan mohir kashtadoʻz faoliyatini yanada kengaytirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish, baʼzi nochor oilalarga daromad manbaini yaratishga doir taklif va tavsiyalar berilgan.

Bu borada baʼzi maʼlumotlarga nazar solsak, ayni kunda viloyat miqyosida migratsiyadan qaytgan xotin-qizlar soni 1415 nafarni tashkil etayotgan boʻlib, birgina Shofirkon tumanida bu koʻrsatkich 63 nafarni tashkil etmoqda. Hozirda chekka tumanning Bogʻiafzal, Pashmon, Chuqurak, Hovlipoyon, Joʻyrabod, Savrak kabi qishloqlarida ham xorijda ishlab qaytgan ayollar kasanachilik asosida buyurtmalarni uyida tikib, tayyorlab, mehnatiga yarasha foyda olmoqda.

Ochiq muloqotlar davomida tikuvchilik, qishloq joʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi 10 dan ortiq fuqarolarning istak va talablariga koʻra Xalq qabulxonasi koʻmagida ularga kerakli asbob-uskunalar va maxsus texnika vositalari yetkazib berilgan.

Shuningdek, hududdagi tajribali hunarmandlar va tadbirkorlarning taklifiga koʻra yana 20 nafar fuqaro ular bilan kasanachilik asosida tikuvchilik, kashtachilik, qoʻgʻirchoqlar yasash va tovuqchilik yoʻnalishlarida hamkorlik qilishga kelishib olishgan. Respublika ishchi guruhining faoliyati davom etmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish