Qidirish

21:10 / 2024-04-08 15940 0 Siyosat

Prezident Jizzaxdagi “BMB Holding” agrologistika majmuasini borib koʻrdi

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev “BMB Holding” kompaniyasining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi agrologistika majmuasini borib koʻrdi.

Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi eksportining salohiyati yuqori. Bunda mahsulotlarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan agrologistika markazlari juda muhim.

“BMB Holding” kompaniyasining oʻtgan yil dekabrda ishga tushgan majmuasi ham shulardan biri. Bu loyihaning umumiy qiymati 57 million dollardan ziyod.

Majmuada yiliga 10 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash hamda 8 ming tonnani birlamchi qayta ishlash imkoni mavjud. 180 kishi doimiy ish bilan taʼminlagan.

Davlat rahbari korxonadagi ish jarayonini va eksportga tayyor mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. Logistika markaziga meva-sabzavot mahsulotlari Jizzax viloyati va qoʻshni hududlardan olib kelinadi.

Oʻtgan yili “BMB Holding” tizimidagi agroklaster tomonidan 1 ming 200 dan ortiq fermerdan shartnoma asosida 16 turdagi 52 ming tonnadan ortiq hosil olindi. Joriy yilda Sayxunobod tajribasi asosida 2 ming 485 nafar aholi tomorqalari bilan kooperatsiya asosida shartnoma qilinadi.

Shuningdek, 4 mingga yaqin fermer xoʻjaligining 14 ming 500 gektar maydonida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Buning natijasida klaster negizida qoʻshimcha 32 mingtadan ortiq mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Majmuada fitosanitar va sanitar-epidemiologik sertifikatlash laboratoriyasi, bojxona hamda bank filiallari, hostel tashkil etilgan. Laboratoriya Rossiya, Xitoy, AQSH va Germaniya davlatlaridan keltirilgan 34 ta eng zamonaviy uskuna bilan jihozlangan.

Karantin xodimlari shu yerning oʻzida mahsulotlarni koʻrikdan oʻtkazadi. Muhimi, ular tomonidan rasmiylashtirilgan fitosanitar sertifikat 119 ta davlat tomonidan tan olinadi. Bu kabi imkoniyatlarning mavjudligi korxonaning eksport salohiyati va geografiyasini oshirmoqda.

Bugungacha Qozogʻiston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi va Xitoyga qariyb 43 million dollarlik mahsulot yuborildi. Joriy yil yakuni boʻyicha eksport hajmini 58 million dollarga chiqarish reja qilingan.

Prezident bunday agrologistika markazlarini boshqa hududlarda ham koʻproq tashkil etib, ularga muayyan dalalarni va mahallalarni biriktirish zarurligini taʼkidladi. Bu tadbirkor uchun yetarli mahsulot, aholi uchun kafolatli xarid imkoniyatini beradi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, 2017-yilda tashkil topgan kompaniya tarkibida bugun 4 ta qoʻshma va 26 ta shoʻba korxona mavjud. Iqtisodiyotning turli jabhalarida qariyb 1 milliard 500 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi BMB Opera Zafferano qoʻshma korxonasi tomonidan 400 gektarlik zaʼfaron plantatsiyasi yaratildi.

Yetishtirilgan mahsulotlar USDA ORGANIC sertifikatiga ega boʻlib, Italiya, Avstriya, Gollandiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. AQSH bozoriga kirish uchun ham FDA ruxsatnomasi berilgan.

Kelgusi uch yilda bu loyihaning qiymati 80 million yevroga yetkazilib, zaʼfaron yetishtirish hajmi 1,8 tonnadan 20 tonnaga oshiriladi. Davlat rahbari bu rejalarni maʼqullab, zaʼfaron maydonlari va eksportini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish