Qidirish

20:43 / 2022-12-16 304 1 Siyosat

“Amalda yoʻq tartib uchun jazo berish — noqonuniy” — Rasul Kusherbayev

Deputatning taʼkidlashicha sud blogerga nisbatan noqonuniy jazo tayinlagan.

world-news

Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi vakili Shohrux Gʻiyosov “Miting, yigʻilish va namoyishlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi 2019-yilda muhokamaga qoʻyilib, jamoatchilik fikri asosida toʻldirish uchun muhokamadan olingani, toʻldirilgach qayta qoʻyilishini maʼlum qildi. Demak, ayni vaqtga qadar loyiha qabul qilinmagan, deb yozdi Kusherbayev oʻzining Telegram kanalida.

Deputatning taʼkidlashicha, JIB Oʻzbekiston tumani sudi fuqaro va bloger Olimjon Xaydarovga MJtKning 201-moddasida koʻrsatilgan “Yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, oʻtkazish tartibini buzish” boʻyicha noqonuniy jazo tayinlagan.

Chunki, amalda ushbu tartibning oʻzi boʻlmagach, uni buzib boʻlmaydi. Buzib boʻlmagach, jazo berish ham mumkinmas. Jazo berilgan taqdirda ham bu noqonuniy boʻlib, sud tomonidan adolatsiz qaror qabul qilish hisoblanadi.

Ayni oʻrinda bu ishni koʻrgan sudʼya nafaqat qonunni buzib, fuqaroning huquqi poymol boʻlishiga yoʻl qoʻygan, balki “Sudʼyalik kasamyodi”ga ham amal qilmay, mamlakatimizda odil va mustaqil sud tizimiga nisbatan dogʻ tushirib, ayrim fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchi pasayishiga sababchi boʻlgan.

Sud qarorida fuqaro qaysi huquqiy asosga koʻra MJtKning 201-moddasida koʻrsatilgan huquqbuzarlik uchun jazoga tortilganiga izoh yoki tushuntirish berilmagan.

Jinoyat kodeksining 231-moddasida belgilanganidek, oldindan bila turib, adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish - ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ayni oʻrinda maʼmuriy ishni tayyorlagan IIB xodimlari va sud MJtKning 201-moddasida koʻrsatilgan “Yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, oʻtkazish tartibini buzish"da ifodalangan huquqbuzarlikni sodir etish uchun bunday tartibning mavjud emasligi va yoʻq tartibni buzdi, deb fuqarolarga jazo qoʻllab boʻlmasligini oldindan bilishar edi. Biroq shunga qaramay ular adolatsiz qaror chiqarishgan.

Shundan kelib chiqilsa, ushbu ish doirasida materiallarni tayyorlashda ishtirok etgan barcha xodimlar va sudʼyaning harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasida belgilangan qonunbuzarlik doirasida huquqiy baho berilishi shart.

“Umid qilamizki, Sudʼyalar Oliy Kengashi agar oʻz ishida xolis boʻlsa mamlakatimizdagi mustaqil va odil sud tizimini obroʻsizlantirishga olib kelgan, sudʼyalik qasamyodini buzgan sudʼyaning harakatlariga baho berib, uning javobgarlik masalasini hal etish choralarini koʻradi.

Oʻz oʻrnida Ichki ishlar vazirligi ham qonunga zid ish materiallarini tayyorlab sudga taqdim qilgan xodimlarining harakatlariga baxo beradi. Yashasin qonuniylik, tenglik va adolat tamoyillari!”, — deb yozdi deputat.

Izohlar 1

Иван Васильевич
2022-Dec-17 01:02
Умрингиз узок булсин ойлангиз билан бахтли яшанг
Fikr bildirish