Qidirish

16:21 / 2024-03-12 675 0 Siyosat

“Sanʼatkorlar toʻy uchun ijod qilyapti” — Ozodbek Nazarbekov

world-news

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida mualliflik huquqi ishlamasligi tufayli qoʻshiqchilar toʻy uchun ijod qilayotganini maʼlum qildi.

Vazirga koʻra, bugungi kunda mualliflar oʻzlarining huquqini yaxshi bilmasligidan tashqari, huquq-tartibot organlarida ham bu masala bilan shugʻullanishga imkoniyat yetarli emas.

«Mualliflar oʻz huquqini tanishi — eng katta yechim. Lekin hozir faqat tashkilotchilargina bu sohani tushunyapti. Hattoki, huquq-tartibot organlarida ham bu bilan mutlaqo shugʻullanish imkoni yoʻq, ular uchun ham koʻp narsalarga oydinlik kiritish kerak. Chunki hali ochilmagan masalalarimiz bor», - dedi vazir.

Ozodbek Nazarbekovning oʻzi shu kungacha muallifligidan manfaatdor boʻlmaganini qoʻshimcha qildi. Uning aytishicha, vazirlik tashabbusi bilan mualliflar huquqini himoya qiluvchi palata tashkil etilgan. U vazirlik qoshidagi nodavlat tashkilot boʻlsa-da, mualliflar huquqini himoya qilish masalalarini mutlaqo yechish maqsadida yagona palata sifatida yoʻlga qoʻyilgan.

Mazkur palata Ozodbek Nazarbekovga butun xalqaro maydondagi huquqi “qanaqadir Yevgeniy” degan odamga rasmiylashtirilgani haqidagi maʼlumotni topib, taqdim etgan.

“Sodda qilib aytganda, bu muammo hali stolni ustida emas. Hali hammaning qoʻli yetar darajadagi muammo emas. Lekin biz harakat qilamiz, kurashdan toʻxtamaymiz, buni amalga oshiramiz.

Sababi mualliflar huquqlarini himoya qilinishi bizga birinchi navbatda sifatni taʼminlab beradi. Shu orqali ijodkorlar sanʼat asarlari yarata boshlaydi. Chunki oʻsha joydan manfaatdor boʻlib tursa, yuqoriga qarab ijod qiladi. Hozir ijodkorlar toʻydan manfaatdor boʻlyapti, toʻyga ijod qilyapti. Buni ham cheklay olmaymiz, bu ham ixtiyor”, - dedi Nazarbekov.

Shunigdek, Ozodbek Nazarbekov teatr faoliyatida kuzatilayotgan muammolarga toʻxtalib oʻtdi.

Darhaqiqat, bugun teatrlarimiz faoliyatida bir maromda ijod qilish kuzatilyapti. Ammo bu “saviyasiz” deyishga asos boʻlmaydi. Repertuarlar milliy, mumtoz va jahon adabiyotidan tanlangan asarlar asosida yaratilayotgani, badiiy kengash koʻrigidan oʻtmagan spektakllar repertuardan olib tashlanayotganining bevosita guvohi, ishtirokchisi boʻlayotganim uchun ham ayta olamanki, texnik tomondan oqsash kuzatilyapti. Badiiy-ijodiy jihatdan kamchiliklar deyarli koʻzga tashlanmaydi. Shuni ham aytish kerakki, bugun xalqaro teatrlarda spektakl voqealaridan kelib chiqib, sahnada qor yogʻyapti, olov yonyapti, kerak boʻlsa suv toshib, aktyor choʻkib ketyapti...

Bularning barchasi innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan teatrlarda boʻlayotgani, yana bir marta teatrlarimiz texnik salohiyati hamda xodimlar malakasini oshirishdek muhim masala oldimizda koʻndalang turganini koʻrsatayotir», - dedi Ozodbek Nazarbekov

Izohlar 0

Fikr bildirish