Qidirish

21:51 / 2024-02-28 1806 1 Siyosat

Energetika vaziri va hokimlar Prezidentga axborot berdi

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish va shunga yarasha infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha yangi rejalar muhokama qilindi.

Davlat rahbari sohadagi tajribaga tayanib, bu yildan yirik “yashil energiya” quvvatlarini yaratish boʻyicha uch yillik dasturga oʻtish zarurligini taʼkidladi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiya quriladi. Jami 2,2 gigavatt boʻlgan 18 ta elektr saqlash quvvati oʻrnatiladi.

Energetika tizimining barqarorligini taʼminlash uchun ushbu quvvatlarga mos tarmoqlarni qurishni hamda zarur materiallar ishlab chiqarishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

Energetika vaziri uch yillik dasturdan oʻrin olgan 2,6 gigavattli 14 ta stansiya bu yil ishga tushirilishi, ularni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya quvvati kengaytirilib, 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari qurilishi haqida axborot berdi.

Umuman, yangi quvvatlar hisobiga bu yil kamida 85 milliard kilovatt-soat, shundan quyosh va shamol stansiyalarida 6 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi aytildi.Joylarda quyosh panellarini oʻrnatish holati ham koʻrib chiqildi.

Aholining bundan manfaatdorligini oshirish maqsadida “Quyoshli xonadon” dasturi joriy qilingan. Unga koʻra, quyosh paneli oʻrnatgan aholidan har 1 kilovatt elektrni 1 ming soʻmdan sotib olish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hozirda 11 mingga yaqin xonadon egalari bu imkoniyatdan samarali foydalanayapti.

Bu ishlarni kengaytirish uchun uning jozibadorligini oshirish, quyosh paneli oʻrnatuvchilarga koʻmaklashish kerakligi aytildi. Buning uchun qoʻshimcha 50 million dollar resurs ajratilishi, xorijiy investorlar ishtirokida yana 100 million dollar jalb qilinishi belgilandi.

Quyosh energiyasidan foydalanishda tadbirkorlarga ham qoʻshimcha yengilliklar yaratiladi. Jumladan, quyosh paneli, invertor va akkumulyatorlarni import qilishda bojxona imtiyozlari yana besh yilga uzaytiriladi.

Mutasaddilarga qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi taʼminoti kabi energiya sarfi yuqori boʻlgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qoʻllash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bu soha rivojlanayotgani boshqa turdosh tarmoqlarga ham ijobiy taʼsir etmoqda. Xususan, yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, taʼmir va servis xizmati koʻrsatish jarayonlarida mahalliy korxonalarimiz uchun kamida 1 milliard dollarlik bozor paydo boʻlmoqda.

Shu bois bu yil Qarshi shahridagi “Solar klaster”da quyosh paneli, akkumulyator, invertor, suv isitkich, Ohangaron sanoat zonasida kabel va transformator, Nukus shahri va Andijon tumanida quyosh panellari ishlab chiqarish loyihalashtirilgan.

Prezident mahalliy korxonalarga xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirishga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatma berdi. Energetika vaziri va hokimlar yigʻilishda belgilangan vazifalar boʻyicha ishni tashkil qilish rejalari yuzasidan prezidentga axborot berdi.

Izohlar 1

Faxriddin Ruziboyev
2024-Mar-01 19:12
kukdala tumani shurbozor qishlogʻidagi axoli nixoyatda kambagʻal uzliksiz tuk b.n taminlanglar sababi gaz yuq xam oldi baxor tappilar tugʻadi tarashaga daraxit yuq, sutkada 10 soat yonadi bu qishloqda nazorat qilinglar iltimos
Fikr bildirish