Qidirish

12:20 / 2024-02-24 1478 0 Siyosat

Prezident dolzarb masala yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni yoshlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Yigʻilishda yigit-qizlarning bandligini taʼminlash, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Avvalo, yoshlarning biznes bilan shugʻullanishiga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilishi aytildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi shunga yoʻnaltiriladi.

“Yosh tadbirkor” tanlovlari oʻtkazilib, gʻolib boʻlgan biznes loyiha va gʻoyalar egalari xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Mutasaddilar yangi sanoat loyihalarida 100 ming, xizmatlar sohasida 150 ming, ish oʻrinlarini legallashitirish va oʻzini oʻzi band qilish orqali 200 ming nafar yigit-qiz bandligini taʼminlash toʻgʻrisida axborot berdi.

Hokimlarga qobiliyatli yigit-qizlarni aniqlab, IT-kasblar va xorijiy tillarni oʻrganishiga koʻmaklashish zarurligi taʼkidlanib koʻrsatmalar berildi. Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 1 million nafar oʻgʻil-qiz xorijiy tillarga bepul oʻqitiladi.

Maktablardagi boʻsh sinf xonalari chet tili repetitorlari va oʻquv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi. Qishloq joylardagi oʻquvchilarning oʻzlashtirishi yuqori boʻlgan 100 ta xususiy oʻquv markazining ijara xarajatlari 6 oygacha kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, xususiy kurslarda oʻqib, “C-1” sertifikatini olgan yoshlarga oʻqish xarajatlari, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari boʻyicha esa “B-2” darajasi sertifikatini olish xarajatlari qoplab beriladi.

Yana bir yangilik – bu yil nafaqat sertifikat olishdagi imtihon xarajati, balki olti oylik oʻqish puli ham toʻlab beriladi. “Ustoz” loyihasi doirasida 250 ming nafar yoshlar marketing, reklama, elektron savdo, IT-dizayner kabi 30 ta zamonaviy kasbga oʻrgatiladi. Joriy yil 60 ming 500 gektar yer yoshlarga ajratilishi belgilandi.

Unga koʻra, tuman hokimlari yerni suv taʼminoti yaxshi joydan ajratishga masʼul boʻladi. Har bir yoshga qancha maydon ajratish boʻyicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar Agrobankning “Fermerlar maktabi”da hosildor eksportbop ekinlar yetishtirishga oʻqitiladi.

Mini-texnika, urugʻ va koʻchatlar sotib olishga “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hamda Fermerlar jamgʻarmasidan subsidiya ajratiladi. Dehqon yoshlarga eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi. Bundan tashqari, meva-sabzavot kooperatsiyalariga banklar orqali 2 milliard soʻmgacha kredit ham beriladi.

Yigʻilishda Prezidentning shu yil 18-yanvardagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosiga ham toʻxtalib oʻtildi. Mazkur farmonda 156 ta tumanda 15 ming 626 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari onlayn auksion savdolariga chiqarilishi belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev ushbu yerlarni aholiga yaqin, suvi va unumdorligi yaxshi joylardan ajratib, kooperatsiya asosida eksportbop ekinlar ekish muhimligini taʼkidladi. Hokimlarga qoʻshimcha yerlarni oʻzlashtirib, ish oʻrinlari uchun zaxira yaratib borish vazifasi qoʻyildi.

Izohlar 0

Fikr bildirish