Qidirish

19:44 / 2024-02-13 1844 0 Siyosat

“Toshkent havosining ifloslanishida mazutning aybi yoʻq” — Energetika vazirligi

world-news

Energetika vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining “Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotgani aniqlandi” sarlavhali maqolasiga munosabat berdi.

Ekologiya vazirligi tomonidan eʼlon qilingan maqolada Toshkent IESning asosiy yoqilgʻisi gaz ekanligi, shuningdek, qoʻshimcha yoqilgʻi sifatda mazutdan foydalanilayotganligi aniqlangani eʼlon qilingan.

Shu sababli Toshkent shahri havosini tutun qoplagan, deya alohida taʼkidlangan va shu bilan Toshkent shahrining havosi yomonlashib, PM-2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdorining keskin oshib ketishi aynan mazkur korxonada mazut yoqilishi tufayli roʻy berayotgani keltirilgan.

Energetika vazirligining iddao qilishicha, Toshkent IESda chindan ham kunning tigʻiz vaqtlarida, tabiiy gaz taʼminotida bosim pasaygan paytda zaxira yoqilgʻisi sifatida mazutdan foydalaniladi.

«Mazut yoqilgʻisining ishlatilishi jarayoni esa qonunchilikda belgilangan tarzda barcha masʼul idoralar, xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan ham kelishilgan tartibda yoʻlga qoʻyilgan.

Stansiyada mazut yoqilishi natijasida atmosferaga zararli moddalarning chiqishini kamaytirish maqsadida belgilangan texnik parametrlarga mos keluvchi filtrlar oʻrnatilgan.

Kelgusida barcha issiqlik elektr stansiyalariga yoqilgʻidan chiqayotgan zararli moddalarni 95 foizgacha kamaytirib beradigan qoʻshimcha filtrlarni oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatda stansiyada mazut yoqilishi texnologiyasi hamda undan chiqadigan zararli moddalar hisob-kitoblari keltirilgan. Ushbu hujjat talablariga koʻra, korxonada havoga tashlanayotgan moddalar belgilangan meʼyor talablaridan hech qachon oshmagan», - deyiladi iddaoda.

Vazirlikning qoʻshimcha qilishicha, 2-fevral (maqola eʼlon qilingan kun) IESda zaxira yoqilgʻisining maksimal sarfi sutkasiga 5 ming 17 tonnani tashkil etgan boʻlib, oʻsha kuni atmosfera havosidagi RM-2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdori 35,1mkg/m3ni tashkil qilgan. Bu esa JSST tavsiyalaridan 7 barobar yuqori boʻlgan.

«Bugun soat 16:00 ga qadar yuqorida qayd etilgan korxonalar tomonidan 600 tonna mazut yoqilgan. Ammo shunga qaramay bugun soat 14:10 holatiga koʻra, poytaxt havosidagi PM-2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdori 162 mkg/m3ni tashkil etgan.

Bu “oʻta zararli” hisoblanadi va JSST tavsiyalaridan 32,4-marta koʻproq. Ushbu miqdor Toshkent jahondagi havosi eng iflos shaharlar roʻyxatida 3-oʻringa chiqishini taʼminlab berdi.

Bu esa poytaxt havosining ifloslanishida mazutning zarracha ham hissasi yoʻqligini, issiqlik elektr stansiyalarida ushbu yoqilgʻi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishilgan meʼyoriy talablar asosida yoqilayotganini yana bir karra isbotlaydi», - deb qoʻshimcha qilinadi munosabatda.

Izohlar 0

Fikr bildirish