Qidirish

20:16 / 2024-01-31 1095 0 Siyosat

“Oʻzenergoinjiniring” AJ xitoylik sheriklar bilan qoʻshma korxona tashkil etish hamda xalqaro taʼlim muassasasini taʼsis etish toʻgʻrisida kelishib oldi

Hozirgi kunda elektr energetikasini qayta qurishning ustivor yoʻnalishlaridan biri qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hisoblanadi. Oʻzbekiston bu sohada katta salohiyatga ega, soʻnggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarini rivojlantirishda salmoqli qadam tashlandi.

world-news

Qisqa muddat ichida Oʻzbekiston bu sohada eʼtiborga loyiq natijalarga erishdi hamda 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy generatsiya quvvatlaridagi ulushini 25 foizgacha yetkazish boʻyicha bemalol bajarish imkoniyati mavjud boʻlgan ulkan rejalarga ega (boshqa mamlakatlar bunga oʻnlab yillar mobaynida erishganlar).

Mazkur ulkan loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun loyihalarni amalga oshirish boʻyicha xalqaro yondoshuvlarga ega boʻlgan injiniring tashkilotlari, loyiha institutlariga, shuningdek elektr energetikasi hamda yangi texnologiyalar boʻyicha xalqaro darajadagi malakali kadrlar tayyorlashga ehtiyoj sezilmoqda.

Ushbu omillarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-25-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga muvaffaqiyatli amalga oshirgan keng miqyosdagi davlat tashrifi doirasida “Oʻzenergoinjiniring” AJ xitoylik sheriklar bilan qator kelishuvlarga erishdi.

“Oʻzenergoinjiniring” AJ va EPPEI oʻrtasida qoʻshma korxona

“Oʻzenergoinjiniring” AJ va Xitoyning elektr energetikasida rejalashtirish va injiniring instituti (EPPEI) rejalashtirish, injiniring va maslahatlashuvlar sohasida birgalikda qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisida kelishib oldilar. Korxona faoliyatining asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar koʻzda tutilmoqda:

· Zamonaviy sharoitlarni, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilishni inobatga olgan holda mamlakat elektr energetikasini rivojlantirish boʻyicha qisqa va uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqish. Oʻzbekiston elektr energetikasini rivojlantirishning samarali va asoslangan rejalarini ishlab chiqish uchun Plexos, DigSILENT xisoblash tizimlari va boshqa shu kabi zamonaviy, xalqaro tan olingan uslublar va amaliyotlardan foydalaniladi.

· Xalqaro yondoshuvlar va standartlarni qoʻllagan holda loyihaoldi, texnik va iqtisodiy injiniring oʻrganishlari, loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqish, bazaviy va yakuniy loyihalashtirish, loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, adaptatsiyalash va boshqalar.

· Elektr energetikasi sohasi, shu jumladan, loyihalash, qurilish va foydalanish boʻyicha texnik maslahatlar berish, loyihalarni boshqarish boʻyicha maslahatlar berish, elektr energetikasi sohasida yangi texnologiyalarni qoʻllash masalalari boʻyicha muhandislik maslahatlari berish.

· Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shu jumladan elektr energetikasi sohasi boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha seminarlar, treninglar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish.

Xalqaro taʼlim muassasasi 

“Oʻzenergoinjiniring” AJ hamda Energy China International dastlabki investitsiya qiymati 30 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan Oʻzbekiston elektr energetikasi va yangi texnologiyalar sohasida xalqaro taʼlim muassasasini tashkil qilish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida kelishib oldilar.

Ushbu taʼlim muassasasi elektr energetikasining murakkab vazifalarini yecha olish va Oʻzbekiston elektr energetikasiga yangi texnologiyalarni joriy qilish qobiliyatiga ega boʻlgan xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlaydi. Buning uchun taʼlim muassasasiga xalqaro miqyosdagi professor-oʻqituvchilarni jalb qilish, taʼlim muassasasini zamonaviy, zarur texnikalar bilan jihozlash, shuningdek xalqaro akkreditatsiya olish rejalashtirilmoqda.

Kompaniyalar toʻgʻrisida

“Oʻzenergoinjiniring” AJ elektr energetikasi sohasida muhandislik tadqiqotlari, loyihalashtirish va maslahatlashuvlarga ixtisoslashgan Oʻzbekistondagi eng yirik loyiha instituti hisoblanadi. Korxona yaqinda xususiylashtirilgan, hozirgi kunda samaradorlik va vakolatlarni oshirish boʻyicha qator oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu oʻzgarishlar “Oʻzenergoinjiniring” aksiyadorlik jamiyatini Markaziy Osiyodagi yetakchi injiniring korxonasiga aylantirishga qaratilgan. Xususan, ushbu oʻzgarishlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

· Korxonani boshqarish boʻyicha xalqaro boshqaruv tamoyillariga asoslangan samarali tashkiliy tuzilmani shakllantirish.

· Korxonani boshqarish hamda uning operatsion faoliyatiga zamonaviy raqamli axborot tizimlarini joriy qilish.

· Xalqaro ekspertiza va tajribaga ega boʻlgan professional mutaxassislarni jalb qilish.

· Xodimlarni yangi yondoshuvlar, yangi texnologiyalar va xalqaro standartlar boʻyicha oʻqitish.

Ikkinchi tomondan, “Oʻzenergoinjiniring” aksiyadorlik jamiyatining xitoylik sheriklari injiniring va elektr energetikasi sohasida Xitoy va jahon miqyosida yirik ishtirokchilar hisoblanadi. Jumladan, EPPEI Xitoy va jahonda elektr energetikasi sohasidagi yetakchi institutlardan biri hisoblanadi.

Institut elektr energetikasi sohasida 60-yillik tajribaga hamda turli sohalardagi, shu jumladan energotizimlar rivojini rejalashtirish, elektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish, shuningdek yangi texnologiyalarni tadqiq qilish va ishlab chiqish sohasida keng vakolatlarga ega.

Energy China International jahondagi eng yirik energetika kompaniyalardan biri boʻlgan China Energy Engineering Group Corporation Limited kompaniyasining shoʻba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya elektr stansiyalarini qurish va ekspluatatsiya qilish, elektr energetikasi uchun kadrlarni tayyorlash boʻyicha katta tajribaga ega.

Xulosa

Oʻzbekiston elektr energetikasi sohasini qayta qurish boʻyicha ulkan rejalarni amalga oshirishda EPPEI tajribasi va vakolati katta ahamiyatga ega. EPPEI ishtirokida qoʻshma korxona tashkil qilish Oʻzbekistonga Xitoyning elektr energetikasi sohasidagi ilgʻor tajribasi va texnologiyalariga keng yoʻl ochadi.

Bu mamlakatning elektr energetikasini rivojlantirish surʼatlarini jadallashtirishga, uning samaradorligi va ishonchliligini oshirishga, shu jumladan, mamlakat elektr energetikasi tizimiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari yirik quvvatlarini joriy qilinishiga koʻmaklashadi. Qoʻshma korxona ikki mamlakat yetakchi institutlari tajribasi va vakolatlarini birlashtiradi.

“Oʻzenergoinjiniring" AJ va Energy China International oʻrtasidagi kelishuv Oʻzbekistonda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishdagi muhim qadam boʻladi. U zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydigan, Oʻzbekiston elektr energetikasi rivojiga hissa qoʻsha oladigan zamonaviy taʼlim muassasasini tashkil etishga koʻmaklashadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish