Qidirish

19:40 / 2024-01-11 1425 1 Siyosat

Prezident mudofaa sanoati tizimini koʻzdan kechirdi

world-news

Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasteriga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tashrif davomida Prezidentga Mudofaa sanoati agentligining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha qilinayotgan ishlar va kelgusi rejalar toʻgʻrisida batafsil axborot berilgan.

Davlat rahbarining topshirigʻiga muvofiq qisqa muddatda Mudofaa vazirligining bir nechta texnik boʻlinmalari negizida keng koʻlamli qurilish ishlari bajarildi, mavjud obyektlar mukammal taʼmirlandi va rekonstruksiya qilindi.

Klaster hududiga Mudofaa vazirligining texnikani taʼmirlash zavodi va Markaziy avtomobil texnikasini saqlash bazasi koʻchirildi. Yangi klaster hududida joylashgan korxonalar oʻzaro integratsiya qilinib, ularning yagona taʼmirlash sexlari tashkil qilindi.

Mazkur korxonalarda qurol-yarogʻ va harbiy texnika, radiolokatsiya qurilmalari, optik va elektron-optik asboblar, oʻqotar va artilleriya qurollari modernizatsiya qilinmoqda hamda metallarga yuqori aniqlikda ishlov berilmoqda.

Davlat rahbari ushbu quvvatlar faoliyati bilan tanishib, sohaga ilgʻor texnologiyalarni keng jalb qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish zarurligini qayd etdi, korxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Sanoat tarmoqlariga, shu jumladan mudofaa sanoatiga “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha belgilangan vazifalarga muvofiq hamda elektr energiyasini iqtisod qilish maqsadida klaster hududida quyosh panellari oʻrnatilgan.

Bu ishlab chiqarish jarayonlarining elektrga boʻlgan ehtiyojining katta qismini muqobil manbalar hisobidan taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Mudofaa sanoati agentligining yangi klasteridagi ishlab chiqarish quvvatlari tomonidan taʼmirlangan va modernizatsiya qilingan harbiy texnika va qurol-yarogʻ namunalari namoyish etildi.

Tashrif chogʻida Oliy Bosh Qoʻmondon yangi turdagi harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha korxona faoliyatiga start berdi. Mahsulotlarning yuqori sifatini taʼminlash, muhandis va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Yakunda Prezident mutasaddilarga mudofaa sanoati korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Izohlar 1

Абдусалом
2024-Jan-12 00:17
Президентимизнинг мудофаа кластерига ташрифи Ўзбекистон мудофаа саноатини ривожлантириш ва Миллий хавфсизликни мустаҳкамлашга жиддий ёндашувни акс эттиради.
Fikr bildirish