Qidirish

20:53 / 2024-01-10 1339 1 Siyosat

“Qoraqalpogʻistonda ishsizlikdan xoli hududga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar bor” — Mutasaddilar prezidentga vaʼda berishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar tahlili va kelgusi vazifalar muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

world-news

Yigʻilishda 2023-yilda qilingan ishlar koʻrib chiqilib, 2024-yilga moʻljallangan vazifalar muhokama qilingan. Prezident matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston aholisi 2 million nafardan oshgan. Har yili mehnat bozoriga 50 ming aholi kirib keladi.

Davlat rahbari ularni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitib, daromadli ish va munosib yashash sharoitlari bilan taʼminlash kerakligiga eʼtibor qaratgan.

Qayd etilishicha, 2024-yilda Qoraqalpogʻistonda sanoat hajmi 23 trillion soʻmga yetkazilib, 2 trillion soʻmlik yangi quvvatlar yaratiladi. Toʻqimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari tarmoqlarida 5 trillion soʻmlik 24 ta yirik loyiha ishga tushiriladi.

2024-yilda hududga 2 milliard 100 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi moʻljallangan. Buning evaziga sanoatda 206 ta, xizmat koʻrsatish sohasida 240 ta, qishloq xoʻjaligida 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ularda 13 mingga yaqin yuqori daromadli ish oʻrni ochiladi.

Qoraqalpogʻistonda ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa xizmatlar izchil rivojlanmoqda. Imkoniyatlardan samarali foydalanib, joriy yilda eksport hajmini 160 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Qishloq xoʻjaligida yer unumdorligini oshirish uchun xorijiy grant jalb qilinadi. 6 ming gektar yerga suv tejovchi texnologiya joriy qilinib, 31 ming gektar yer lazerli tekislanadi.

Mahallalar infratuzilmasi va xonadonlar taʼmirlanadi. Yuqori texnologik tibbiy xizmatga muhtoj bemorlar davolanishiga 2,3 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Shu bilan birga, fuqarolar tashabbusi asosidagi loyihalarga 182 milliard soʻm, yil davomida mahalliy byudjetdan yana 40 milliard soʻm ajratiladi. Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturlari doirasidagi loyihalarga 10 trillion soʻm beriladi.

Prezident yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha rejalar mavjud salohiyatga mos emasligini taʼkidlab, bu boradagi qoʻshimcha imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtgan.

Masalan, 51 ta sanoat zonasida 775 milliard soʻmlik 71 ta loyihani boshlab, 1 mingta ish oʻrni yaratsa boʻladi. Yoki 10 ming gektar boʻsh yerni savdoga chiqarib, 20 mingta tadbirkorni jalb qilish mumkin.

Bu 50 ming ish oʻrni, degani. Shuningdek, noruda konlarga sanoatni olib kirib, 7,5 trillion soʻmlik loyihalar hisobiga 10 ming aholini band qilish mumkin.

Davlat rahbari bu boradagi katta imkoniyatlardan biri turizm ekanini taʼkidlagan. Qoraqalpogʻistonda turizmni, ayniqsa, uning eko, etno, ziyorat yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqish, turizm klasteri tashkil etish va sohaga xorijiy ekspertlarni jalb qilish yuzasidan topshiriq berildi.

Nukus aeroportini rivojlantirish va aviaqatnovlarni koʻpaytirish, yangi mehmonxonalar qurish, muzeylarni modernizatsiya qilish, yoʻl boʻyi xizmatlarini kengaytirish vazifalari koʻrsatib oʻtildi.

Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiyadan mutaxassislarni taklif etib, yoshlarni chet tili, axborot texnologiyalari, dizayn, mehmonxona xizmati kabi 17 turdagi zamonaviy kasblarga oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.

Mutasaddilar Qoraqalpogʻistonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar borligini qayd etib, bu boradagi chora-tadbirlarni belgilab olgan.

Izohlar 1

Хамит Аманбаев
2024-Jan-11 00:13
Моинак раионда тураман. Ауылда жумыс жок. Уиде 6 адам жасаимыз. Хаиелим 1 ши группа инвалиди сонын пенсия пулына жасаимыз. Телефонда жумыс орын коп деиди каидем излеп жумыс таба алмаисан ауылда. Омиримиз казакстанда отсе керек
Fikr bildirish