Qidirish

07:50 / 2024-01-03 2402 0 Biznes

2024-yil 1-yanvardan nimalar oʻzgaradi?

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (Biznes-ombudsman) 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan qonunchilikda tadbirkorlikka oid asosiy oʻzgarishlar nimalardan iborat ekanligi haqida maʼlumot berdi.

world-news

Unga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan har bir jinoyat ishi boʻyicha tergov hamda sud jarayonida tegishli mansabdor shaxs jinoyat ishi materiallarini ish yurituviga qabul qilgan vaqtdan boshlab tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tadbirkorlik subyekti aʼzo hisoblangan boshqa tashkilotni jamoat himoyachisi sifatida jalb etishi (xabar qilish) tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab, maʼmuriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik subyektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirish boʻyicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar boʻyicha foizlar va neustoyka hisoblanishi toʻxtatiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlarining Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha arizalari Oʻzbekiston Milliy sanoat portali orqali koʻrib chiqilishi belgilangan.

2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlariga oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarni (mahsulotlarni) davlat buyurtmachilariga bir moliya yili davomida jami 10 milliard soʻmgacha qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻliq qaytarib berish tizimi kengaytiriladi.

2024-yil 1-yanvardan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab turoperatorlar tomonidan turistik oqim past boʻlgan xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingan har bir turist uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda 20 AQSH dollaridan 100 AQSH dollarigacha boʻlgan ekvivalentda ragʻbatlantiruvchi subsidiyalar ajratiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sugʻurtalashda sugʻurta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etiladi;

“Izlanish va rivojlanish” (R&D) markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan boshlab 3-yil muddatga mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha hisoblangan summa miqdorining 1 foizini toʻlash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida hisoblash tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi mutaxassislari nazorati ostida tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

klasterlarda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy qilish;

klasterlarga nufuzli xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda ular faoliyati samaradorligi va moliyaviy koʻrsatkichlarini mustaqil tashqi auditdan oʻtkazish choralarini koʻrish belgilangan.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

nodavlat yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan davlat mulki obyektini xususiylashtirish uchun buyurtmanoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi;

davlat xizmatini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali koʻrsatish tartibi;

davlat xizmati yigʻim undirilmasdan koʻrsatilishi amalga kiritiladi.

2024-yil 1-yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm trikotaj mato (boʻyalgan trikotaj mato bundan mustasno) uchun 0,1 AQSH dollari miqdorida yigʻim undiriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln soʻmdan 100 mln soʻmgacha oshiriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida oldin ajratilgan kreditlarning qaytarilgan qismidan:

kichik tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun 1 trln soʻm mablagʻlarni mikromoliya tashkilotlariga joylashtirishga;

vakolatli banklar tomonidan mikromoliya xizmatlari koʻrsatishga 2 trln soʻm mablagʻlar yoʻnaltirilishiga ruxsat etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

respublika hududiga olib kirilgan hamda belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) va ularni olib kiruvchi subyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligiga real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;

kimyoviy moddalar (mahsulotlar) faqat favqulodda vaziyatlarning (yongʻinlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab soliq toʻlovchilarning tanloviga koʻra qoʻshilgan qiymat soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha soliq hisobotlarini soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantirish tartibini joriy etiladi;

sotuv cheklarini rasmiylashtirishdagi texnik xatoliklarga tuzatish kiritish muddatini keyingi soliq hisobotlarini topshirish davriga qadar uzaytiriladi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlariga tuzatishlar kiritiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab kimyo sanoatini tartibga solish va muvofiqlashtirish funksiyalari quyidagicha taqsimlanadi:

a) Iqtisodiyot va moliya vazirligiga:

kimyo sanoatida islohotlarni amalga oshirish, tarmoqda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mavjud tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlash va talab yuqori boʻlgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish boʻyicha yagona siyosatni amalga oshirish;

kimyo sanoatida siyosatni belgilovchi strategik hamda oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish va islohotlar dasturlari, shuningdek, boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;

tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va ularning operatsion samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash;

kimyo sanoati korxonalarini asosiy xom ashyo bilan taʼminlash prognozlarini, shu jumladan ishlab chiqarish va resurs balanslarini shakllantirish hamda ijrosini muvofiqlashtirish;

b) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga:

kimyo sanoati tarmogʻidagi loyihalarga zamonaviy yuqori texnologiya uskunalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, mahalliy mahsulotlarni yangi tashqi bozorlarga chiqarishga koʻmaklashish;

yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga xususiy kapitalni, jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;

kimyo sanoati korxonalarida texnik standartlarni ishlab chiqish;

v) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga:

davlat ulushiga ega boʻlgan tarmoq korxonalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, shu jumladan korporativ boshqaruv va barqaror rivojlanish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish;

davlat ulushiga ega boʻlgan tarmoq korxonalarini xususiylashtirishni tashkil etish.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlariga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berish choralari koʻriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3-yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratilishi belgilangan.

2024-yil 1-yanvardan boshlab raqamli hukumat tizimi hamda uning aholi va tadbirkorlik subyektlariga taqdim etadigan imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot beruvchi maxsus portal ishga tushiriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining, keyinchalik esa, bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarining qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun kreditlar 10 foiz stavkada (foiz stavkalarini subsidiyalash hisobiga) ajratilishi taʼminlanadi;

atmosferaga zararli tashlanmalar hajmini kamaytirish maqsadida xalqaro “karbon market” tizimi doirasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan barpo etiladigan yashil maydonlarni tashkil qilish xarajatlarini qisman jalb qilingan grant mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda, barpo etilgan yashil maydonlar (yaylovlarni ozuqabop ekinlar bilan, qishloq xoʻjaligi yerlarini daraxtlar bilan qoplash) boʻyicha kompensatsiyalar issiqxona gazlarini zararsizlantirish darajasiga mutanosib ravishda ajratiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlarining ishonchlilik reytingi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud boʻlgan statistik hisobot shakllarini bekor qilinadi;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga topshiriladigan statistik va boshqa hisobotlarning yagona roʻyxati tasdiqlanadi. Bunda, roʻyxatga kiritilmagan hisobotlarni talab qilishni taqiqlanadi;

hisobotlarni shakllantirish va topshirish jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish hisobiga ularning qogʻoz shakli bekor qilinadi;

davlat organlariga statistik va boshqa hisobotlarni taqdim etish jarayonlarini bosqichma-bosqich Standart biznes hisoboti tizimiga muvofiqlashtiriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab alohida davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarning muvofiqligini majburiy baholashdan ozod etish tartibi bekor qilinadi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab import tovarlarni davlat tilida markirovka qilish tartibiga oʻzgartirish kiritiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yongʻin auditi) joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlarni yongʻin hamda boshqa xatarlardan, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining mulkini yongʻin va tabiiy ofat oqibatida yetkaziladigan zarardan himoya qilish maqsadida, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligini majburiy sugʻurtalash tartibi joriy etiladi.

3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam boʻlmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past boʻlmagan mehmonxona 2026-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tizimi joriy qilinadi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab xususiy shaxmat klublariga ular tomonidan shaxmat toʻgaraklarini tashkil etish va aholiga xizmat koʻrsatish uchun davlat mulki obyektlari va hududlardagi “Yoshlar markazlari”dan ijara toʻlovlarisiz (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) joy ajratiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab Qurilish vazirligi va Energetika vazirligining respublikada qurib bitkaziladigan savdo va biznes markazlari, koʻngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari boʻyidagi infratuzilma obyektlarining loyihalariga majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabini belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik beriladi.

2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar nodavlat sport muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini koʻrsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarini 50 foizga kamaytiriladi.

respublika byudjetidan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan subsidiya oluvchilarga, parrandachilik xoʻjaliklariga oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, sotilgan tuxumning har bir donasi uchun 50 soʻm hamda parranda goʻshtining har bir kilogrammi uchun 2024-yil 1-yanvardan 1 000 soʻm miqdorda subsidiya ajratiladi.

2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar nodavlat sport-taʼlim muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini koʻrsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlari 50 foizga kamaytiriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab respublikadagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar majburiy tartibda bosqichma-bosqich Yagona platformaga ulanadi;

sogʻliqni saqlash sohasidagi axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish majburiy tarzda “IT-Med” MCHJ bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish