Qidirish

04:21 / 2024-01-03 903 0 Hodisalar

Toshkentda Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etildi

Toshkentda bir qator yirik xorijiy kino tashkilotlari 2023-yilning oxirgi kunlarida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bilan birga tarixiy filmlarni yaratish boʻyicha kelishuvga erishgan.

world-news

Kuni-kecha “Renessans” kino uyida turkiy tilli davlatlar kinochilari yigʻilishi oʻtkazilib, unda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, “Turksoy” tashkiloti matbuot kotibi Salim Ezer, Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi kino boshqarmasi bosh direktori Erkin Yilmaz, “Qozoqfilm” prezidenti Azamat Satibaldi, Qirgʻiziston Kinematografiya departamenti direktori Akjol Bekbolotov, Ozarbayjon Kinematografiya agentligi direktori Orhan Fikretogʻlu ishtirok etgan.

Yigʻilishda Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tuzilgani eʼlon qilingan. Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov esa yilning muhim voqeligi haqida shunday fikr bildirgan.

“Hammamizga maʼlumki, Muhtaram Prezidentimiz sohani yanada rivojlantirish maqsadida muhim topshiriqlarni oldimizga vazifa qilib qoʻydilar. Bu topshiriqlardan biri 50 ta tarixiy film yaratish. Aynan shu vazifani bajarish uchun turkiy tilli davlatlar bilan bir qator qoʻshma loyihalar memorandumlari imzolandi. Xorijlik hamkasblarimizning biz bilan hamkorlik qilish uchun bildirgan ishonchi, nafaqat Davlatimiz rahbarining olib borayotgan odilona va ochiq siyosati, balki kinematografiya sohasidagi islohotlarining natijasidir”.

“Turksoy” tashkiloti matbuot kotibi Selim Ezer oʻzbek kinematografiyasining doimiy fikrdoshi sifatida, aynan Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etilganini alohida eʼtirof qildi:

“Toshkentda tarixiy voqelik boʻldi! Bunday imkoniyatni bizga taqdim qilgani uchun Davlatingiz rahbari hurmatli Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiramiz. Turkiy mamlakatlar kinoustalari birlashib yangi kinoloyihalar bilan dunyoga chiqamiz. «Turksoy” tashkiloti bu yil oʻzining 30 yoshini nishonlamoqda. Bu voqealik har bir turk dunyosi mamlakatlari uchun unutilmas ahamiyatga ega. Ushbu mamlakatlar orasida madaniy va tarixiy meʼrosni targʻib etish, uni avaylab asrash va kelajak avlodga yetkazish borasida kino sohasining muhim oʻrni bor». — dedi “Turksoy” bosh kotibi Sulton Rayev nomidan Salim Ezer.

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi kino boshqarmasi bosh direktori Erkin Yilmaz Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etilishini tarixiy voqea deb atadi.

“Buni tarixiy kun deb atash mumkin. Chunki bu turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasida kino tarmogʻini yoyish uchun tashlangan katta qadam, tarixiy voqea hisoblanadi. Albatta, bunda kinoga davlatingiz va Prezidentingiz tomonidan qaratilayotgan eʼtiborning oʻrni katta” – dedi Erkin Yilmaz.

Turkiy tilli mamlakatlar kinematografiyasida katta voqelikka aylangan ushbu kun haqida “Qozoqfilm” direktori Azamat Satibaldi shunday fikr bildirdi:

“Oʻzbek kinosidagi misli koʻrilmagan yangiliklar, rivojlanish, islohotlar bizni juda xursand qilmoqda. Aynan Markaziy Osiyo kinematografiyasida oʻzbek filmlariga boʻlgan qiziqish ortmoqda. Albatta, milliy kinematografiyangizdagi bunday ijobiy islohotlarda Davlatingiz rahbarining eʼtiborini alohida taʼkidlash mumkin. Har bir sohaga qaratilgan eʼtibor kelajakda oʻz samarasini koʻrsatadi. Kino sohasi ham bundan mustasno emas. Yurtingizda kinoni halqaro maydonga olib chiqishga boʻlgan kuchli qiziqish bizni hayron qoldirdi va havas qilishimizga sabab boʻldi. Va oʻz navbatida bu kabi tashabbuslarning ishtirokchisi ekanligimizdan faxrlanamiz”, – deya taʼkidlagan “Qozoqfilm” prezidenti.

Turkiy tilli davlatlar kinochilari uyushmasi tashkilotining shtab-kvartirasi Toshkent shahri dep belgilandi. Nufuzli tashkilotga ittifoqdoshlarning yakdil qarori bilan Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov rais etib saylandi.

Bundan tashqari yigʻilishda Kinematografiya agentligining Xitoy va Rossiyalik hamkorlari ham ishtirok etishgan. Jumladan, Xitoyning “Jinsanqi” madaniy kompaniyasi rahbari Syao Szinsyansi nutq soʻzladi va unda Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Bir makon — bir yoʻl” Samarqand xalqaro kinofestivali haqida maʼlumot bergan.

Takidlash lozimki, “Qozoqfilm” direktori Azamat Satibaldi va Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov oʻrtasida “Al-Forobiy” badiiy ko-produksiya filmi, Sankt-Peterburgdagi “Lendok” hujjatli filmlar kinostudiyasi direktori Aleksey Telnov va Firdavs Abduxoliqov oʻrtasida “Masjid” va “Sehrli koʻza” ko-produksiya loyihalari boʻyicha hamkorlik memorandumlari imzolandi. Endilikda ushbu qoʻshma loyihalar boʻyicha kinoijodkorlar hamkorlikda yangi filmlarni yaratishadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish