Qidirish

13:18 / 2023-12-21 453 0 Siyosat

Daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda

world-news

Senatorlar qirq sakkizinchi yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdilar. Bu haqda Oliy Majlis Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi, qimmatbaho navli daraxtlar va butalarning kesilishiga moratoriy joriy etilgan.

Biroq ayrim shaxslarning oʻsimlik dunyosi obyektlariga nisbatan tajovuzkorona xatti-harakatlari, shu jumladan daraxtlarning qonunga xilof ravishda kesilishi bilan bogʻliq holatlar umumekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab boʻlmoqda.

Ayni vaqtda daraxtlar va butalarni kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik yoki yoʻq qilganlik uchun bir nechta maʼmuriy javobgarlik turlarining mavjudligi bu borada huquqni qoʻllashning yagona amaliyotini shakllantirishga toʻsqinlik qilmoqda va turli muammolarga sabab boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun maʼmuriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bundan tashqari “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yoʻq qilgan shaxslarning kesilgan daraxt va buta oʻrniga kompensatsiyaviy daraxt va buta koʻchatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yoʻq qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishi nazarda tutilmoqda.

Taʼkidlangandek, Qonun daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yoʻq qilish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning masʼuliyatini oshirishga, shuningdek mazkur sohada huquqni qoʻllashning yagona amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi. Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar 0

Fikr bildirish