Qidirish

12:52 / 2023-12-15 419 0 Siyosat

“Sizib chiqqan suv — sizot suvlar” — “Oʻzbekkosmos” Qoʻshtepa kanalida avariya yuz berganini rad etdi

world-news

Ijtimoiy tarmoqlarda “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasining ekspetlariga havola qilgan holda Afgʻonistonda qurilayotgan Qoʻsh-Tepa sugʻorish kanalida birinchi jiddiy avariya yuz berganligi toʻgʻrisida maʼlumot tarqaldi.

Tarmoqda tarqalayotgan xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan Qoʻsh-Tepa kanalidan suv sizib chiqishga oid xabarlar turli fazoviy oʻlcham aniqlikdagi multispektral kosmik suratlarning retrospektiv tahlili asosida oʻrganib chiqilgan.

(Qoʻsh-Tepa kanalining oʻng qirgʻogʻida suv sizib chiqish joyining kosmik va foto suratlari)

Maʼlum qilinishicha, “Oʻzbekkosmos” agentligi Qoʻsh-Tepa kanali qurilishi dinamikasini kosmik monitoring orqali muntazam ravishda kuzatish natijasida qazish ishlari olib borilayotgan hududlarda 2022-yil may oyidan boshlab yer osti sizot suvlarining koʻtarilishini aniqlagan.

Qurilish davomida kanalning toʻrtta qismida sunʼiy toʻsiqlar qoldirilgan boʻlib, ular birinchi bosqich ishlari yakunida 2023-yil 10-oktabrda toʻliq olib tashlangan va suv oqimi hosil boʻlgan.

Kosmik monitoring natijasida 2023-yil 4-noyabr kuni Qoʻsh-Tepa kanalining 75,6-km da oʻng qirgʻoqning 30 m ga yaqin qismidan suv sizib chiqishi aniqlangan.

5-noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 km2, 25-noyabrda – 23,8 km2, 13-dekabr holatiga esa 30,3 km2 ni tashkil etib, suvni toʻxtatish choralari koʻrilmagan.

Qoʻsh-Tepa kanalidan sizib chiqqan suvning tarqalish hududi va maydonining kosmik suratlari

“Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlari fikriga koʻra, ushbu holat kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmaganligi natijasida yuzaga kelgan.

Oʻz navbatida, kanal qurilishiga masʼul afgʻon muhandislari yer osti sizot suvlarining meʼyorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-km da suv maqsadli ravishda ochiq hududga yoʻnaltirilganligini taʼkidlamoqda.

Qoʻsh-Tepa kanali qurilishi dinamikasining kosmik monitoringi inshootning Amudaryodan suv olish qismida qazish ishlari yakunlanmaganligi, daryoga ulanish joyida hozirda 20 m ga yaqin qazilmagan hududning mavjudligini koʻrsatmoqda.

Qoʻsh-Tepa kanalining Amudaryodan suv olish qismida qazilmagan hudud va daryodan suv olish joyining kosmik suratlari

Shu bilan birga, oʻta yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarning tahlili natijasida sizot suvlarini tashqariga yoʻnaltirish uchun kanal qirgʻogʻida maqsadli ravishda qazish ishlari olib borilganligining (maxsus texnikaning ishlatilishi, qazib olingan tuproq hajmining paydo boʻlishi va hokazolar) vizual belgilari aniqlanmadi.

Bundan tashqari, mavjud materiallar suv sizib chiqish joyi atrofida hozirda sizot suvlari kamayib, kanal tubi asta-sekin qurib borayotganligini koʻrsatmoqda.

Shunday qilib, oʻtkazilgan tahlillar internet tarmogʻida tarqatilayotgan “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qoʻsh-Tepa kanali qirgʻogʻi Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari haqiqatga mos kelmasligini, sizib chiqqan suv – sizot suvlari ekanligini tasdiqlaydi”, — deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Fikr bildirish