Qidirish

16:47 / 2023-11-28 2037 0 Hodisalar

U firibgarlikda gumonlanyapti: Namanganlik tadbirkor Anasxon Dedabayev ishi boʻyicha maʼlumot berildi

Namangan viloyati sudlari Effect.uz yoritgan videoreportajgacha qamoqqa olingan tadbirkor Anasxon Dedaboyev masalasida maʼlumot berdi. Unga koʻra tadbirkorga nisbatan, firibgarlik ayblovi ilgari surilgan. U 18-noyabr kuni ehtiyot chorasi qoʻllanishi natijasida qamoqqa olingan.

Sudning mazkur xabarida Anasxon Dedaboyev bilan bogʻliq ish yuzasidan maʼlumot berilar ekan, unga nisbatan qilingan tahdid, bosimlar haqida lom-mim deyilmagan.

Maʼlum qilinishicha, viloyat IIB Tergov boshqarmasi ish yurituvidagi jinoyat ishi yuzasidan 2023-yil 18-noyabr kuni Namangan shahar prokurorining gumonlanuvchi A.Dedabayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi iltimosnomasi jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudiga kelib tushgan.

Prokurorning iltimosnomasida, tergov organi tomonidan A.Dedabayev 2022-yil mart oyida fuqaro M.Xalilovga Yangi Namangan tumani, “Mustaqillikning besh yilligi” MFY hududidagi 0,05 ga boʻsh yer maydonini 6.700 AQSH dollariga;

- 2022-yil iyul oyida fuqaro X.Usmonovga Yangi Namangan tumani, “Mustaqillikning 5 yilligi” MFY hududidagi 0,06 ga boʻsh yer maydonini 4.500 AQSH dollariga;

- 2022-yil sentyabr oyida fuqaro A.Mamadjonovga Yangi Namangan tumani, “Sahovat” MFY hududidan 0,06 ga boʻsh yer maydonini 3.500 AQSH dollariga;

- 2019-yil sentyabr oyda fuqaro A.Magʻzumovga Yangi Namangan tumani, “Bunyodkor” MFY hududidagi 0,60 ga boʻsh yer maydonini 2.000 AQSH dollariga sotishini aytib, ularning ishonchiga kirib firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan pullarni oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborganlikda gumon qilinmoqda.

Bundan tashqari, A. Dedabayev 2023-yil 18-oktyabr kuni soat 21:30larda Yangi Namangan tumani, Mustaqillikning 5 yilligi MFY hududida harakatlanib ketayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina haydovchisi M.S.ni toʻxtatib, “nima uchun tez harakatlanib ketayapsan?” deb, u bilan tortishib, arzimas sabab bilan uni urib-doʻpposlab, unga tan jarohati yetkazganlikda ham gumonlanyapti.

Sud prokurorning iltimosnomasini va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqib, taraflar fikrini tinglab, gumon qilinuvchi A.Dedabayev tomonidan sodir etilgan jinoyat ogʻir turdagi jinoyatlar turkumiga kirishi, uning keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, ish boʻyicha haqiqatni aniqlashga xalal beradigan urinishlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudining 18-noyabrdagi ajrimi bilan A. Dedabayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash lozim, degan toʻxtamga kelgan.

Sud tomonidan taraflarga ajrim ustidan 72 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berish hamda prokurorning protest bildirish huquqi mavjudligi tushuntirilgan. Mazkur ajrim ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat yoki protest kelib tushmagan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasiga muvofiq “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi, deyiladi viloyat sud matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Izohlar 0

Fikr bildirish