Qidirish

21:16 / 2023-08-23 1076 0 Siyosat

Mirziyoyev hamda Aliyev Mirzo Ulugʻbek maktabini ochib berdi

Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab Qorabogʻ shahrida ochildi

world-news

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oʻtgan qariyb 30 yil davomida butkul vayron boʻlib ketgan Fuzuliy shahrini tiklash jarayonlarida Oʻzbekiston Ozarbayjon davlatiga har tomonlama yordam qoʻlini choʻzmoqda. Xususan, mustahkam doʻstlik va birodarlik ifodasi sifatida Oʻzbekiston yetakchisi 2021-yil 31-mart kuni oʻtgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida Oʻzbekiston Qorabogʻ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va maʼrifat maskanlarini qayta tiklashga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanini taʼkidlagan edi.

Fuzuliy shahrida 960 nafar oʻquvchiga moʻljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezident tashabbusining amaliy ifodasi boʻlgan.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional oʻquv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar oʻtkazish uchun joylar, yugurish yoʻlaklari tashkil qilingan.

Maʼlum qilinishicha, ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochib bergan.

Prezidentlar oʻquv binolari va maktab hududi bilan tanishib, oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashgan, ularga oʻqishda muvaffaqiyat tilagan.

Soʻng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurgan.

Prezidentlar majmuadagi xonadon egalari bilan uchrashgan. Oʻzbekiston rahbari ularni yangi uyli boʻlgani bilan tabriklagan.

Samimiy suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mustahkam doʻstligi va qardoshlik aloqalari haqida soʻz borgan.

Shavkat Mirziyoyev Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirgan, Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabogʻni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholagan. Shuningdek, Ozarbayjon xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilaklari bildirilgan.

Davlat rahbarlari yangi xonadonlarni kirib koʻrishgan. Soʻng yetakchilar balandlikdan turib vayronagarchilik oqibatlarini va qurilish ishlarini borishini kuzatgan. Oʻzbekiston Prezidentiga Fuzuliyni qayta tiklash rejalari toʻgʻrisida soʻzlab berilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish