Qidirish

05:31 / 2022-01-18 78 0 Hodisalar

Navoiydagi YTHda halok boʻlgan “Xalq banki”ning uch nafar xodimi dam olish kunlari ishga jalb etilgani maʼlum boʻldi

world-news

Xabaringiz bor, saytimiz tomonidan “Xalq banki»ning uch xodimi dahshatli halokat qurboni boʻldi. Ular shanba kuni ishlashga majburlangan…mi?” sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilgan edik.

Keyinchalik ushbu holat yuzasidan maxsus tekshiruv oʻtkazish komissiyasini tuzish boʻyicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrugʻi tayyorlangandi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2021-yil 8-noyabrdagi 407-ICh-sonli buyrugʻiga asosan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan toʻliq oʻrganilgan. Vazirlik matbuot xizmati bu boʻyicha maʼlumot berdi.

Unga koʻra, ushbu vaziyat mehnat faoliyati bilan bogʻliq holda yuz bergan hodisa deb topildi va jabrlanuvchilarning har biriga N-1 shaklidagi dalolatnoma tuzish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi AT “Xalq banki” boshqaruvi raisi nomiga va AT “Xalq banki” Navoiy viloyati filialiga yozma koʻrsatma kiritildi.

Shuningdek, maxsus tekshirish materiallari Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasiga yuborilgani aytilgan xabarda.

Maʼlumot oʻrnida, Navoiy viloyati Nurota tumanida 2021-yil 6-noyabr kuni sodir boʻlgan dahshatli yoʻl-transport hodisasi oqibatida jami 8 kishi halok boʻlgan edi. Ulardan uch nafari Nurota “Xalq banki” filiali xodimlari ekani maʼlum boʻlgandi.

Hodisadan koʻp oʻtmay, ijtimoiy tarmoqlarda “Xalq banki”ning uch nafar marhum xodimlari yuqori turuvchi rahbarlar bergan topshiriqlarni bajarish uchun dam olish kunida ishga chiqishga majbur boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarlarda, shanba kuni ular ertalabdan viloyat filialidagi norasmiy yigʻilishga chaqirilgani aytilgan edi. Lekin oʻrtada biror-bir rasmiy xat yoki dam olish kuni ishga chiqish, mehnat majburiyatlari bilan shugʻullanish haqida buyruq yoki qaror boʻlmagan.

Holat boʻyicha Effect.uzʻda amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyevga tayanib tahliliy maqola eʼlon qilindi.

Izohlar 0

Fikr bildirish