Qidirish

05:25 / 2022-01-18 94 0 Hodisalar

Tibbiyot birlashmasi boshligʻi oʻrinbosari 500 ming ortidan 5 yilga qamaldi

world-news

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari 500 ming soʻm miqdorida pora olganligi uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Oʻrinbosar 2021-yilning avgust oyida pora bilan ushlangan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

E. Bozorov 2017-yil sentyabr oyidan Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari hamda tumandagi 16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron, deb topish komissiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

U mansabdor shaxs boʻlgani holda oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, tamagirlik yoʻli bilan Kasbi tumani Nazartepa qishlogʻida yashovchi M. Yarmatovaning 2019-yilda tugʻilgan oʻgʻli S. M. ni nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni vaʼda qiladi. E. Bozorov buning evaziga sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan harakatni bajarish uchun M. Yarmatovadan 600 000 soʻm miqdorida pul mablagʻini talab qiladi. 2021-yil 5-avgust kuni M. Yarmatovaning arizasi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir oʻtkaziladi. Tadbir chogʻida E. Bozorov oʻzining xizmat xonasida M. Yarmatovadan kelishilgan pul mablagʻining 500 000 soʻmini olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Kitob tuman sudining 2021-yil 20-dekabrdagi hukmiga asosan E. Bozorov Jinoyat kodeksi 210-moddasi (pora olish) 2-qismining “v” bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ushbu Kodeksning 45-moddasiga muvofiq 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo tayinlangan.

Taraflarga hukmdan norozi boʻlgan taqdirda hukm eʼlon qilingan kundan, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, qonuniy vakil esa hukm nusxasini olgan kundan eʼtiboran yigirma sutka ichida Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya shikoyati (protesti) keltirish huquqi mavjudligi tushuntirilganligi maʼlum qilinadi”, - deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Fikr bildirish