Qidirish

19:37 / 2023-07-20 674 0 Hodisalar

Sodiqov, Sarixoʻjayev, Nosirova, Fayziyev, Sayfutdinov, Sharipov: Biznes bilan shugʻullanayotgan amaldorlar nomi rasman eʼlon qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat boshqaruv organlari va davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati oʻrganilganda 6 nafar rahbar mansabdor shaxs  (3 nafar tuman-shahar hokimi, 1 nafar agentlik, 1 nafar unitar korxona va 1 nafar qoʻmita rahbari) tadbirkorlik subyektlarining taʼsischilari ekanligi maʼlum boʻldi.

world-news

Xususan:

- Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov “Total Oil” MCHJ;

- “Axborotlashtirish Bosh markazi” DUK rahbari Dilshod Sarixoʻjayev “Musammo” MCHJ;

- Andijon viloyati Boʻston tumani hokimi Sanobarxon Nosirova “Sabina Issiq Nonlari 777” va “Koʻmir Sanoati” MCHJlar;

- Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi Ulugʻbek Fayziyev “Zarafshan Golden Group” va “Zarafshon Grand Invest” MCHJlar, “Gʻani Bobo Chorvasi” fermer xoʻjaligi;

- Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov “Sanico Group” va “Uv-Maks” MCHJlar;

Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi rahbari Bahrom Sharipov “Karomat Oyijon-Surxon” fermer xoʻjaligida taʼsischi sifatida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangan.

Aniqlangan holatlar boʻyicha mazkur davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning yuqori turuvchi idoralariga Agentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilib, yuqoridagi manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga barham berilishi (mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subyektlaridagi faoliyati tugatilishi) choralari koʻrilmoqda.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 9-avgustdagi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 595-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shugʻullanmasligi belgilangan.

Izohlar 0

Fikr bildirish