Qidirish

20:37 / 2023-05-02 5445 1 Hodisalar

Margʻilonda maska shou: Firibgarlikda gumonlanayotgan fuqaro “boshqachasiga” olib ketildi

Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida bir guruh IIB xodimlari (ular orasida fuqaro kiyimidagilari ham bor – tahr) firibgarlikda gumonlanayotgan fuqaroni uyiga bostirib kirib, oʻta qoʻpol ravishda olib ketgan.

Katta ehtimol bilan olib ketilgan fuqarolarga nisbatan mahkamada qiynoq qoʻllanilgan, olib ketish jarayonlari uyga oʻrnatilgan videokameralarga yozib olingan. Bloger Olimjon Haydarovga koʻra, gumonlanuvchining ukasi kaltaklangan, homilador ayoliga esa elektroshoker qoʻllangan.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati holat boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi. IIB maʼlumotida fuqaroning surati va ism-familyasi ochiqchasiga koʻrsatilgan. Bu esa aybsizlik prezumpsiyasiga ziddir.

Axborot xizmatiga koʻra, joriy yilning 27-mart kuni Fargʻona viloyati IIBga fuqaro N.I. ariza bilan murojaat qilib, unga shu yil 1-yanvar kuni Margʻilon shahrida yashovchi fuqaro M.M “Malibu-2” rusumli avtomashinani 6 000 AQSH dollariga sotib, oradan qisqa vaqt oʻtgach, mashinani qayta olib qoʻygan. Mashina pullarini esa xaridorga qaytarmagan, shuningdek, zoʻravonlik bilan moddiy zarar yetkazgan. Jabrlanuvchi esa ushbu shaxsga nisbatan chora koʻrishni soʻragan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblanuvchi M.M. tergov organlaridan yashiringanligi uchun “Qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilib, oʻrnatilgan tartibda qidiruv eʼlon qilingan. 26-aprel kuni soat 14:00 larda, qidiruvdagi shaxs M.M. oʻz yashash xonadonida ekanligi haqida tezkor maʼlumot olinib, Fargʻona viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati tomonidan Ichki ishlar organlarining maxsus xizmatlari jalb etilgan holda qoʻlga olingan.

Qoʻlga olish jarayonida ayblanuvchi va uning yaqin qarindoshlari Ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan faol qarshilik koʻrsatishganligi sababli, ular qonunda belgilangan tartibda maxsus texnika vositalarini qoʻllash orqali zararsizlantirilgan. Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tegishli tartibda oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish