Qidirish

04:20 / 2023-04-03 2321 2 Hodisalar

Xorazmda zoʻrlangan qizlar haqiqati: Mansabdorlar gʻamxoʻrligi uchun “postel” soʻragan!

Xorazmda ikki mansabdor – sobiq viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi A.M hamda Yangiariq tumani FVB rahbari A.K 10 oy davomida oilaviy mehribonlik uyidagi 15-17 yoshli qizlar bilan jinsiy aloqa qilib kelgan.

Qizlarni mehribonlik uyi mudirasi jirkanchlikka majburlab kelgan. Mudira 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, lekin ikki mansabdorga 1,5 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Effect.uz muxbiri Dinara Qurbonboyeva Urganchda qizlar istiqomat qiladigan uyda boʻlib, ular bilan suhbatlashdi.

Qizlarning aytishicha, nafsi buzuq mansabdorlar mehribonlik uyiga kelib turgan. Sobiq mudira Yu.X ular bilan yaxshi aloqada boʻlib, qizlarni “postel”ga kirishga undagan.

“Ulardan biri bizga 250 ming soʻmlik krossovka olib berdi. Bundan tashqari, turli gʻamxoʻrliklar qilishdi, mudira esa buning evaziga ular bilan yotoqda boʻlishga majburladi. Agar jinsiy aloqaga kirishmasak, mudira bizni och qoldirar edi. Shunday kunlar ham boʻldi. Ahvolimiz ogʻir, Prezidentdan yordam soʻraymiz. Ular qanday qilib ozodlikda yurishi mumkin? Qoʻrquv va xavotirdamiz, bizga yordam beringlar”, deydi jabrlangan qizlardan biri.

Ta'kidlanishicha, mansabdorlar ularni doimiy ravishda qo'rqitib kelgan. Agar taklifga rozilik berilmasa, qizlar och qoldirilgan. Bundan tashqari, ularga nisbatan turli ravishda bosimlar doim bo'lib kelgan.

“Xayriya evaziga jinsiy aloqaga majburlashdi. Agar rad qilsak, ovqat bermasdan jazolanar edik. Majbur boʻlganmiz! “Birovga aytsang hech narsani isbotlay olmaysan” deb qoʻrqitishgan.

“Orqamda kuchli odamlar bor”, deyishardi. Maktabimiz direktoridan yordam soʻraganmiz, Ichki ishlar xodimlari orqali najot topdik. Mudiramiz bizning hayotimizni barbod qildi. Biz bu ishlarga rozi boʻlmaganmiz, boʻlmasa murojaat qilmagan boʻlardik. Adolatli hukm boʻlishini istaymiz”, deydi jabrlangan qizlardan yana biri.

Maʼlumot oʻrnida, Saida Mirziyoyeva 2-aprel kuni jabrlangan uch nafar qizning xavfsizligi taʼminlanayotganini maʼlum qildi.

“Ularning xavfsizligi, ruhiy va jismoniy tiklanishi hozirda ustuvor masala. Shu bilan bir vaqtda bu kabi vaziyatlarda harakat qilish va, eng asosiysi, ularning oldini olish tizimini yaratish ustida ishlashimiz kerak.

Qonunlarni qatʼiylashtirish va zoʻravonlikka mutlaq toqatsizlik normalarini yaratish vaqti keldi. Barcha darajalarda.

Bu vaziyatda menga umid bagʻishlaydigan birdan-bir jihat borki, u ham boʻlsa oshkoralik va fuqarolik jamiyatining ovozi. Ehtimol, busiz atrofda boʻlayotgan voqelardan ojizlarcha bexabar boʻlib qolardik”, deya yozgan Mirziyoyeva.

Izohlar 0

Fikr bildirish