Qidirish

21:57 / 2023-04-02 936 0 Hodisalar

“Xorazmda zoʻravonlikka uchragan qizlarning xavfsizligi taʼminlandi” – Saida Mirziyoyeva

Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyev Xorazmdagi bolalar uyining uch nafar jabrlangan qizlariga xavfsizlik taʼminlanishiga erishilganini maʼlum qildi.

world-news

“Ularning xavfsizligi, ruhiy va jismoniy tiklanishi hozirda ustuvor masala. Shu bilan bir vaqtda bu kabi vaziyatlarda harakat qilish va, eng asosiysi, ularning oldini olish tizimini yaratish ustida ishlashimiz kerak. Qonunlarni qatʼiylashtirish va zoʻravonlikka mutlaq toqatsizlik normalarini yaratish vaqti keldi. Barcha darajalarda.

Bu vaziyatda menga umid bagʻishlaydigan birdan-bir jihat borki, u ham boʻlsa oshkoralik va fuqarolik jamiyatining ovozi. Ehtimol, busiz atrofda boʻlayotgan voqelardan ojizlarcha bexabar boʻlib qolardik.

Zoʻravonlik doim boʻlgan, lekin aynan hozir ochiqlik tufayli ushbu hodisa haqida baland ovoz bilan gapiryapmiz va bunga qarshi kurashish uchun real resurslarimiz paydo boʻldi.

Oʻzbekiston soʻz va media erkinligi borasida zimmasiga olgan majburiyatlari, bu jarayon barcha uchun juda ogʻriqli kechayotgan boʻlsa-da, oʻz mevasini bermoqda. Tizim bir kunda barpo etilib qolmaydi, bu uzoq yoʻl va manfaatlar kurashidir. Va bugun muammolarni erkin koʻtarayotgan ovoz har qachongidan ham baland yangramoqda.

Befarq boʻlmay, bu keys yuzasidan fuqarolik pozitsiyasini bildirgan barcha OAV va faollarga minnatdorlik bildiraman. Amalda ishlaydigan odil sudlov tizimini yaratish yoʻlida birlashsak, kuch boʻlamiz!”, deya yozadi Mirziyoyeva.

Eslatib oʻtamiz, bu mudhish jinoyatni jamoatchilikka “Sukut saqlama” loyihasi oshkor qildi. Maʼlum boʻlishicha, Xorazm viloyatida kamida ikki mansabdor – viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi Aybek Masharipov (1979-y.t.) va tuman FVB rahbari Anvar Kuryazov (1984-y.t.) oilaviy mehribonlik uyidagi 15-17 yoshli qizlar bilan jinsiy aloqa qilib kelgan. Bu ishga qizlarni 10 oy davomida mehribonlik uyi mudirasi majburlab kelgan. Mudira 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, ikki mansabdorga 1,5 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bu jazoni avvaliga Xiva tumani sudi 2022-yil 6-sentyabrda tayinlagan. Uch nafar ayblanuvchi bergan shikoyatni koʻrib chiqqan Xorazm viloyati sudi apellyatsiya instansiyasi 27-dekabrdagi ajrimi bilan birlamchi hukmni oʻzgarishsiz qoldirgan.

Kun.uz internet-nashri yengil jazo tayinlangani holati boʻyicha sudga shikoyat qilish vakolati bolalar ombudsmanida ham borligi, lekin u bu vakolatidan foydalanmaganiga eʼtibor qaratgandi. Bola huquqlari boʻyicha vakil bu ishni oʻrganishni endi boshlagan.

Holat maʼlum boʻlib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangani rezonansga sabab boʻlgach, 1-aprel kuni Prezident administratsiyasi shuʼba mudiri Saida Mirziyoyeva Bosh prokuraturadan holatni sinchiklab oʻrganib, huquqiy baho berishni soʻragandi.

Izohlar 0

Fikr bildirish