Qidirish

09:29 / 2023-03-26 375 0 Hodisalar

“Sentob”ga rasman “turizm qishlogʻi” maqomi berildi

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 km ichki yoʻl taʼmirlandi.

world-news

Navoiy viloyatining Nurota tumanida “Sentob” turizm qishlogʻining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Madaniyat va turizm vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi mutasaddilari, Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev, Tojikistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda hamda tuman faollari ishtirok etishdi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Viloyatimizda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, “Sentob” qishlogʻini “Turizm qishlogʻi”ga aylantirish natijasida 200 ga yaqin ishsiz aholi, jumladan, xotin-qizlar doimiy ish oʻrinlariga ega boʻldi.

Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik subyekti mavjud. “Sentob” qishlogʻiga muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda”, – dedi tadbirni ochib bergan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev.

Shuningdek, tadbirda Madaniyat va turizm vazirligi vakili Lola Rahmonboyeva soʻzga chiqib, davlat rahbari tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, sayyohlikni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlarining soha rivojidagi oʻrni haqida soʻz yuritdi.

Vazirlik boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Lola Zikrillayeva turizm qishloqlarida oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil qilish jarayoniga alohida toʻxtalib oʻtdi:

“Madaniyat va turizm vazirligi hamda uning Navoiy viloyatidagi boʻlinmasi tashabbusi bilan “Sentob” qishlogʻida bugunga kelib 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 hostel faoliyat koʻrsatmoqda. Ularga belgilangan standartlar asosida mehmon uylari nomi tushirilgan koʻrsatkichlar oʻrnatildi. Ayni damda turizm qishlogʻida 15 dan ortiq turistik xizmat yoʻlga qoʻyilgan”.

Shundan soʻng Madaniyat va turizm vazirligi mutasaddilari tomonidan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyevga “Sentob – turizm qishlogʻi” ekanligini rasman tasdiqlovchi sertifikat va tashakkurnoma topshirildi. Shu bilan birga, “Sentob” MFY raisi Murod Mirzoyev ham tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Tojikistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda tadbirda soʻzga chiqib, “Sentob” qishlogʻi aholisini turizm qishlogʻi maqomi bilan tabrikladi.

Bundan tashqari, qishloq ahli tomonidan Navroʻz bayramining asosiy taomi hisoblangan sumalak tayyorlandi.

Taʼkidlash joizki, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 km ichki yoʻl taʼmirlandi.

Shu bilan birga, tungi yoritish chiroqlari, ikkita piyodalar koʻprigi, ikkita selfi hudud, uchta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, “Sentob” qishlogʻining ramziy kirish stellosi, turistik axborot markazi qurilib, foydalanishga shay holatga keltirildi. Oilaviy mehmon uylari va hostellarga belgilangan standartlar asosida koʻrsatkichlar oʻrnatildi.

Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Prezidentning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ning ijrosi yuzasidan Nurota tumani “Sentob” qishlogʻiga “turizm qishlogʻi” maqomi berilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish