Qidirish

14:03 / 2023-03-25 477 0 Hodisalar

“Saratonni 99 foizgacha davolovchi preparat yaratilgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid” — SSV

Ushbu preparat shu kungacha Oʻzbekistondagi bitta tibbiyot muassasasida faqat 3 nafar bemorda qoʻllanilgan

world-news

Ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbek olimlari saratonni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqdi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Mazkur xabar yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot rasmiy munosabat bildirdi.

Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda 2022-yilning iyun oyida Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmatsevtik vektorli terapiya vositasi haqida soʻz boradi.

Ushbu preparat tarkibi “lyutetsiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spetsifik membranali “antigen-617” oqsil moddasidan iborat ekani aytilgan.

Maʼlum boʻlishicha, bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroendokrin oʻsmalar diagnostikasi va muolajasida qoʻllaniladi.

Xorijiy tajribaga asoslangan holda shuni aytish mumkinki, ushbu vosita prostata bezi saratonining 4-bosqichida suyakda metastazlanish jarayonidagina ishlatiladi. Bu preparat vaqtinchalik vosita hisoblanadi va bemorlarning hayotini uzaytirishga imkoniyat yaratadi” , — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov

Taʼkidlanishicha, preparat shu kungacha Oʻzbekistondagi bitta tibbiyot muassasasida faqat 3 nafar bemorda qoʻllanilgan hamda mutaxassislar fikriga koʻra, xasta insonlarda oʻsma oʻchoqlari (metastazlar) va ularni bezovta qilayotgan ogʻriqlar sezilarli darajada kamaygan.

Har qanday yangi dori vositasi amaliyotda foydalanilishidan toki samarasi tasdiqlanishiga qadar turli izlanishlar, oʻrganishlar olib borilishi va samaradorligi toʻgʻrisida tegishli xulosalar qilinishi uchun uzoq vaqt talab etiladi.

Afsuski, dunyoda barcha saraton kasalliklarini toʻliq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas.

Shundan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalaridan insonlar hayoti bilan bogʻliq bu kabi muhim yangiliklarni jamoatchilikka yetkazishda eʼtiborli boʻlishlarini soʻrab qolamiz, — deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Fikr bildirish