Qidirish

16:50 / 2023-03-15 310 0 Jamiyat

Muborak Ramazon oyini Istanbul uslubida his eting

Ramazon ruhida tarixiy joylar, an’anaviy tajribalar va ko‘ngilochar tadbirlarni taklif etuvchi Istanbul, bu yilgi Ramazon oyida o‘z mehmonlarini kutmoqda.

world-news

Ikki qit’ani birlashtirgan Istanbul, ayni vaqtda nihoyatda betakror Ramazon an’analarining vatani hisoblanadi. Turk madaniyatida “O‘n bir oyning sultoni” nomi bilan mashhur bo‘lgan Ramazon oyi o‘z-o‘zini nazorat qilish, baham ko‘rish, fidoyilik va ro‘za tutish oyidir. Bu muqaddas oy, xususan, Istanbulda ham o‘ziga xos tarzda nishonlanadi. 

Ramazon oyi joriy yilning 23 martidan 20 apreligacha bo‘lgan muddatni qamrab oladi. O‘sha davrda Istanbulga tashrif buyuruvchilar shaharning o‘ziga xos Ramazon urf-odatlari va madaniyatida ishtirok etishlari va bu muqaddas oyni sevgi, xayr-ehson va bag‘rikenglikni namoyon etishga intiladigan muhitda o‘tkazishlari mumkin.

          Ramazonning barakasi har yerda seziladi

Istanbul Ramazonni masjid minoralari orasiga osilgan Usmonli merosi bayroqlari bilan kutib oladi. Ushbu yoritilgan yozuvlar Ramazonning ruhiy muhitini tinchlantiruvchi xabarlar bilan ta’kidlab, Istanbulning betakror manzarasiga osoyishtalik bag‘sh etadi.

Yana bir yoqimli Ramazon an’anasi Ramazon do‘mbirachilaridir. Bu musiqachilar tong otishidan oldin ko‘chalarni kezib, do‘mbira chalib, Ramazon haqida she’rlar o‘qib, tong otishidan oldin odamlarni saharlikka uyg‘otadilar.     

Ramazon oyida ro‘za tutish kundalik marosimdir. Ro‘zaning ma’naviy jihati iftorlikgacha davom etadi. Barakali dasturxonda taomlanayotganlar, odatda, ovqatdan oldin bir qultum suv va bir necha zaytun yoki xurmo bilan iftorlik qiladilar.

Istanbulliklar xonadonlaridagi iftor dasturxonlari Ramazon oyi farovonligini aks ettiradi. Shahar maydonlarida ochilgan umumiy iftor dasturxonlarida iftorlik qilish hamjihatlik, birdamlik va baham ko‘rishning muhimligiga urg‘u beradi.

Ramazon oyida tashrif buyuruvchilar jamoaviy iftorda iftorlik qilishning ma’naviy zavqini his qilishlari yoki turli Usmonli va turk taomlari bilan maxsus iftorlik menyulari taqdim etilgan ko‘plab restoranlardan birida ovqatlanishlari mumkin. Ramazon oyi ham dasturxonga o‘ziga xos taomlar keladigan davr hisoblanadi.

Ramazon oyida eng mashhur taom bu turk shirinligi bo‘lgan «gullach» dir. Bu nozik, ammo mazali taom, shuningdek, «paxlava» ning ajdodi hisoblanadi va sut, atirgul suvi, anor va o‘ziga xos xamir turidan tayyorlanadi.

             Sahargacha an’anaviy o‘yin-kulgi

Istanbulning muhtasham masjidlarida iftordan keyin o‘qiladigan tarovih namozi ibodat va jamoat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.

Namozdan so‘ng turli maydonlarda, ayniqsa, Sulton Ahmetda an’anaviy Ramazon o‘yin-kulgilari boshlanib, shahar va uning aholisini jonlantiradi. Shahar maydonlarida diniy suhbatlar, she’rxonlik, xalq tomoshalari – musiqa, raqs va hikoyalar namoyishi bilan alohida ajralib turadi. Shu bilan birga, "Karago‘z va Hajivat" soya teatri qahramonlari ishtirokidagi an’anaviy soya qo‘g‘irchoqlari chiqishi bolalar va kattalarni birdek hayratda qoldiradi.

            Istanbulning muqaddas joylari bo‘ylab ruhiy sayohat

Ramazon oyida Istanbulni o‘ziga xos qiladigan yana bir jihat shaharning ko‘plab muqaddas joylari bilan bog‘liq. Bu muqaddas joylarning ayrimlarini sanab o‘tamiz: Muhammad payg‘ambarning sahobalari Xolid bin Zayd Abu Ayyub Al-Ansoriy qabri joylashgan Ayyub Sulton masjidi; Ramazonning birinchi ro‘zasi ochiladigan Oruch Bobo qabri; Yahyo payg‘ambarning qabri joylashganligi taxmin qilingan Yusha tepaligi va Yahyo afandi maqbarasi.

Aya sofya, Moviy (Sulton Ahmet) masjidi va Topkapi saroyi kabi tarixiy joylar ham Ramazon oyida tashrif buyurish uchun maqbul tanlovlardir. Muhammad S.A.V. ning muqaddas yodgorligi bo‘lgan “Hirqa-i Sharif”ni Ramazon oyi davomida Hirka-i Sharif masjidida ko‘rish mumkin.

             Hayit bayrami shukuhini Istanbulda his eting...

Istanbulda ibodatlar bilan o‘tkazilayotgan sokin Ramazon oyi bilan vidolashish hayitning birinchi kunidagi hayit namozi bilan boshanadi. Istanbulda hayit kunlarida shahar aholisini keksalarni ziyorat qilish uchun yo‘lda, bayramona liboslar kiyib, qutichalarda shirinlik yoki qandolat mahsulotlari ko‘tarib ketayotlarini ko‘rasiz.

Qarindoshlar yig‘ilib oila davrasida bayramni nishonlagandan so‘ng, bolalarni bayramona kayfiyatdan bahramand bo‘lishlari uchun shahardagi istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar maskanlarda tashkil etilgan sayllarga olib boradilar.

Ramazon ruhida tarixiy joylar, an’anaviy tajribalar va ko‘ngilochar tadbirlarni taklif etuvchi Istanbul, bu yilgi Ramazon oyida o‘z mehmonlarini kutmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish