Qidirish

15:24 / 2023-03-13 333 0 Siyosat

Ochiq tanlov bo‘yicha qanday qilib ishga joylashish mumkin?

Bugungi holat bo‘yicha vacancy.argos.uz portalida davlat organlari va tashkilotlaridagi 240 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga ochiq tanlovlar e’lon qilingan.

Bugunga kelib 45 349 nafar nomzod davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov orqali ishga kirdi. Bu haqda AOKAda tashkil etilgan brifingda ma’lum qilindi.

vacancy.argos.uz portali orqali davlat organlari va tashkilotlarining vakant lavozimlariga kadrlar ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilinmoqda. 

2021-2022 yillar davomida 68 ta davlat organi va tashkilotlari, hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklari (ularning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari kesimida — 14 412 ta tashkilot, shundan 13 542 tasi 2021 yilda ulangan) ulangan.

2021-2022 yillar davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan vakant lavozimlar uchun 140 700 ta tanlov (shu jumladan, 2021 yilda 21 856 ta, 2022 yilda 118 800 ta) e’lon qilindi.

Tanlovlarda 1,3 mlndan ziyod nomzod (shu jumladan, 2021 yilda 387 273 nafar, 2022 yilda 919 030 nafar) ishtirok etgan bo‘lib, ularning 45 349 nafari tanlov g‘olibi (shu jumladan, 2021 yilda 6 016 nafar, 2022 yilda 39 333 nafar) sifatida vakant lavozimlarni egallagan.

Tanlovlarning test bosqichida 385 898 nafar, suhbat bosqichida esa 218 919 nafar nomzod qatnashgan.

Vakant lavozimga tanlov e’lon qilish tartibi qanday?

Birinchi qadam — davlat organi yoki tashkilotida vakant lavozim vujudga kelganda ushbu vakansiya Yagona milliy mehnat tizimiga, ya’ni my.mehnat.uz portaliga kiritiladi; 

Ikkinchi qadam —  my.mehnat.uz portali vacancy.argos.uz plaftormasiga integrasiya qilingan bo‘lib, vakant lavozim vakansiyalar yagona ochiq portalida avtomatik tarzda ko‘rinadi; 

Uchinchi qadam — tashkilot kadrlar bo‘linmasi ushbu vakant lavozimning yo‘riqnomasi, ya’ni mazkur lavozimga yuklatilgan funksiya va vazifalardan kelib chiqqan holda malaka talablarini kiritadi hamda e’lon qiladi. 

2023 yil 1 yanvardan boshlab, yangi tartibga ko‘ra, vakant lavozimga arizalarni qabul qilish muddati 5 kun etib belgilangan. Bunda tegishli bo‘sh ish o‘rinlari kun davomida e’lon qilish uchun tayyorlanadi hamda e’lon qilingandan so‘ng nomzodlar faqatgina soat 23.59 dan so‘ng ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. 

Ochiq tanlovlarni o‘tkazish uch bosqichda tashkil etiladi: 

nomzodlarning arizalarini tegishli malaka talablari bo‘yicha o‘rganish;

test sinovi (4 ta yo‘nalish bo‘yicha — siyosiy-huquqiy, ma’naviyat, axborot texnologiyalari va iqtisodiy bilimlar);

suhbat jarayonlaridan iborat. 

Tashkilotlar tomonidan tanlovlarni o‘tkazish uchun xodimlaridan iborat Tanlov komissiyasi tuziladi. 

Tanlovning malaka talablarini o‘rganish bosqichida vakant lavozimlarga qo‘yilgan aniq kriteriyalar asosida nomzodlar saralanib olinadi. 

Test sinovi bosqichi test.argos.uz platformasida Agentlikning hududiy filiallarida markazlashgan holda o‘tkaziladi. 

Suhbat bosqichi davlat organlari va tashkilotlarida tashkil etilgan Tanlov komissiyalari tomonidan savol-javob tarzida o‘tkaziladi. Mazkur bosqichda Agentlik mas’ul xodimi Tanlov komissiyasi a’zosi sifatida ishtirok etmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, bugungi holat bo‘yicha vacancy.argos.uz portalida davlat organlari va tashkilotlaridagi 240 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga ochiq tanlovlar e’lon qilingan.

Izohlar 0

Fikr bildirish