Qidirish

02:35 / 2022-01-11 95 0 Hodisalar

Vodiy – Toshkent yoʻnalishidagi taksistning jasadi topildi

world-news

Andijonlik taksichining Toshkent viloyatida oʻldirib ketilgani haqida xabarlar yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov izoh berdi.

Unga koʻra, 8-yanvar kuni Andijon viloyati, Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro O.Latipova tuman IIBga murojaat qilib, 7-yanvar kuni uydan chiqib ketib, bedarak yoʻqolgan 1991-yilda tugʻilgan farzandi M.Otaxonovni topishda amaliy yordam soʻragan.

Otaxonov “Kobalt” rusumli avtomashinasida “Andijon-Toshkent” yoʻnalishida qatnab, aholiga pullik transport xizmati koʻrsatib kelgan.

U 7-yanvar kuni soat 17:55lar atrofida Shahrixon tumanidagi avtoturargohdan bir fuqarodan 11.650 AQSH dollarini Toshkent shahridagi tanishiga olib borib berish uchun olgan hamda notanish boʻlgan 3 nafar yoʻlovchilar birga oʻz avtomashinasida Toshkent shahri yoʻnalishida ketib, bedarak yoʻqolgan.

Otaxonovni qotillik qurboni boʻlishi mumkinligini inobatga olib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 9-yanvar kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va malakali tergov-tezkor xodimlardan iborat tarkibda tuzilgan tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida M.Otaxonovning murdasi 9-yanvar kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi avtoturargohda “Kobalt” rusumli avtotransport vositasining yukxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 nafar gumonlanuvchi Qoʻqon shahar hududidan ushlangan va tergovga jalb qilingan.

Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish