Qidirish

14:48 / 2023-03-10 480 1 Texno

Kutib oling “5G”: Oʻzbekistonda tez kunlarda internet tezlashadi, 5G ishlashni boshlaydi

“Oʻzbektelekom” AK tomonidan 2023-yilning mart oyidan boshlab mobil Internet tezligini oshirish va butun mamlakat boʻylab 5G texnologiyasini joriy etish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi. Loyiha doirasida mavjud tayanch stansiyalari modernizatsiya qilinib, yangilari oʻrnatiladi.

Jumladan, butun mamlakat boʻylab 3 000 dan ortiq mavjud tayanch stansiyalarini eng soʻnggi texnologiyalar boʻyicha yangilash, shuningdek, 2 000 dan ortiq yangi tayanch stansiyalarini qurish va ishga tushirish maqsad qilingan. Bu Oʻzbekiston boʻylab mobil aloqa sifatini yaxshilash, LTE standartidagi mobil internet tezligi hamda uning qamrovini oshirish imkonini beradi.

Loyihaning muhim bosqichi qator tayanch stansiyalarini 5G standartiga yangilash jarayoni hisoblanadi. Natijada mobil aloqa abonentlari beshinchi avlod tezligida mobil internetdan bemalol foydalanishlari mumkin boʻladi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda birinchi marta flagman smartfonlar, jumladan, iPhone egalari 5G texnologiyasidagi mobil internetdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

UZTELECOM Oʻzbekistonda mazkur qurilmalar foydalanuvchilariga beshinchi avlod aloqa imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beruvchi birinchi operator boʻladi.

Qayd etish kerakki, 5G aloqalarining sinovdan oʻtkazilishi 2019-yilda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Bu kompaniya tarmogʻi evolyutsiyasi va butun mamlakat boʻylab yangi avlod texnologiyalarini joriy etish yoʻlidagi yana bir muhim qadam hisoblanadi.

Ayni damda 5G tarmogʻi negizida muvaffaqiyatli boshlangan “Aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasini qayd etishimiz mumkin. U 2021-yil sentyabr oyida joriy etilgan boʻlib, mazkur loyiha 5G biznes va jamiyat uchun naqadar foydali ekanligini, tarmoqlar va aqlli texnologiyalarning oʻzaro ishlashini taʼminlashini koʻrsatdi.

Shuningdek, turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida Samarqand shahrida 5G tarmogʻi ishga tushirilgan. Loyihaning birinchi bosqichida 5G tarmogʻi bilan Toshkent shahrini toʻlaqonli qamrab olish, shuningdek, respublikamiz viloyat markazlari qisman qamrab olinishi taʼminlanadi. Ishlar yakuniga etgach, respublika boʻylab 5G texnologiyasini joriy etishning keyingi bosqichlari tahlil qilinadi.

Aytish joizki, mavjud tayanch stansiyalarini modernizatsiya qilish bilan bogʻliq ishlar koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatiga qisqa muddatli taʼsir oʻtkazishi mumkin. Kompaniya tomonidan rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida texnik ishlar olib boriladigan manzillar haqida muntazam ravishda maʼlumot taqdim qilib boriladi.

GSM standartidagi mobil aloqa xizmatlari yoʻlga qoʻyilganidan buyon shu kungacha UZTELECOM oʻz abonentlariga yuqori sifatli mobil aloqa va LTE texnologiyasida mobil internet xizmatlarini taklif etib, ularni mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun qulay qilish uchun harakat qilib kelmoqda. Shu bois, Kompaniya oʻzining texnik infratuzilmasini yaxshilash, butun respublika boʻylab tarmogʻini rivojlantirish ustida doimiy ish olib bormoqda.

Mamlakatdagi eng yirik telekommunikatsiya operatori sifatida bizning asosiy maqsadimiz hamma uchun ochiq boʻlishdir. Bu Kompaniyaning barcha xizmatlariga taalluqli: uy telefoni va simli Internetdan tortib mobil aloqa va bulutli xizmatlargacha. Biz mamlakatimizning eng chekka hududlaridagi aholi barcha telekommunikatsiya xizmatlaridan qulay foydalanishi uchun optik tolali aloqa tarmogʻi hamda tayanch stansiyalarini qurmoqdamiz.

Shu sababli tarmoq sigʻimi oshirishga qaratilgan mobil aloqa tarmogʻini modernizatsiya qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, LTE standartidagi mobil internet tezligini oshiradi, mobil tarmoq qamrovini kengaytiradi, bu esa yanada koʻproq odamlarga bir vaqtning oʻzida tezkor, sifatli hamda hamyonbop mobil internetdan uzluksiz foydalanish va eng yangi avlod kommunikatsiyalarini joriy etish imkonini beradi.

Izohlar 0

Fikr bildirish