Qidirish

14:47 / 2023-03-07 357 1 Siyosat

“Onalarimiz, aziz opa-singillarimiz bor ekan, koʻzlagan ulugʻ maqsadlarimizga albatta yetamiz” — Mirziyoyev

Xalqaro kongress markazida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

world-news

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda nutq soʻzladi.

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar! Munis opa-singillar! Dilbar qizlarim! Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun Oʻzbekiston xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Biz bu qutlugʻ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu shukuhli ayyom yurtimizga yasharish va yangilanish faslini – fasli navbahorni boshlab keladi. Bu bayram dilimizdagi siz, azizlarga boʻlgan samimiy hurmat va ehtiromimizni, mehru muhabbatimizni yana bir bor ifoda etishga imkon beradi.

Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk moʻjizasi boʻlgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz shaʼniga eng goʻzal soʻzlarni aytishimiz tabiiydir.

Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori boʻlgan yosh avlodni tarbiyalashda sizlarga, sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz.

Qadrli opa-singillar! Biz erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qoʻshayotganini albatta yuksak qadrlaymiz. Shu borada faqat ayrim raqamlarni keltirib oʻtishga ruxsat bergaysiz.

Hozirgi vaqtda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, taʼlim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda.

Agar 2017-yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan – 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan – 37 foizga yetdi.

Bilimli, tashabbuskor va faol ayollarimizdan 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat aʼzolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini taʼkidlash lozim.

Vatanimiz va xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollarimizdan 17 nafari eng oliy mukofot – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Xotin-qizlarimiz orasida 5 nafar akademik, oliy taʼlim muassasalarining oʻzida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek, “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Xalq artisti”, “Xalq oʻqituvchisi” va boshqa faxriy unvonlarga sazovor boʻlgan koʻplab ayollarimiz bor. Bunday jonkuyar opa-singillarimizni Yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari! Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Shu maqsadda oʻtgan yili 872 mingdan ziyod xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi. 233 mingdan koʻproq ayollarga 4 trillion 700 milliard soʻm kredit ajratildi. 252 mingdan ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka oʻqitildi.

Xabaringiz bor, biz xalqimiz, ayniqsa, opa-singillarimizni koʻpdan buyon qiynab kelgan uy-joy muammosini yechish maqsadida katta dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Agar 2017-yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 8 ming kvartirali 191 ta koʻp qavatli uy-joy qurilgan boʻlsa, oʻtgan yili – shunga eʼtibor berishingizni soʻrayman – 56 ming kvartirali 1433 ta uy-joy barpo etildi. Joriy yilda esa yana 90 ming xonadon uchun turar-joylar quriladi.

Oʻtgan yili 14 mingga yaqin opa-singillarimizning uy-joy sharoiti yaxshilandi, qariyb 7 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara toʻlovlari qoplab berildi.

Mana shunday ezgu ishlarimiz orqali qancha xonadonlarga quvonch va shodlik kirgani, qancha-qancha odamlarning hayot darajasi va sifati tubdan oʻzgargani, minglab ayollarimizning ruhi koʻtarilib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlangani biz uchun eng muhim natijadir.

Soʻnggi yillarda “Ayollar daftari” doirasida ham katta tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatda salkam 642 ming nafar opa-singillarimizga amaliy yordam koʻrsatilgani bu boradagi ishlarimiz koʻlamidan dalolat beradi.

Xotin-qizlar salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, milliy genofondni yaxshilash maqsadida oʻtgan yili 9 million nafar ayol tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularning 3 milliondan ziyodi ambulator, 347 ming nafari esa statsionar sharoitda davolandi.

Yurtimizda xotin-qizlarning sifatli taʼlim va tarbiya olishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat taʼbiri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.

Darhaqiqat, oilada bir nafar qiz oʻqib, oliy maʼlumotga, zamonaviy kasb-hunarga ega boʻlsa, xonadondagi muhit butunlay oʻzgaradi. Biz shu maqsadda xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim dasturni qabul qildik.

Qiyoslash uchun bir misol keltirmoqchiman. Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 5 barobar koʻpayib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu borada qizlarimizning ulushi 50 foizga yetgani tariximizda misli koʻrilmagan natijadir.

Yangi tartibga muvofiq, magistraturada oʻqiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlar uchun 68 milliard soʻmdan ziyod kontrakt pullari davlat tomonidan toʻlab berildi. 65 mingdan koʻproq talaba xotin-qizlarga 727 milliard soʻmga yaqin foizsiz taʼlim krediti ajratildi.

Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi boʻyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz oliygohlarga alohida kvota asosida oʻqishga qabul qilindi.

Dunyoda chuqur iqtisodiy inqiroz davom etayotgan hozirgi kunda, qanchalik qiyin boʻlmasin, zarur mablagʻ va imkoniyatlarni topib amalga oshirayotgan bunday saʼy-harakatlarimiz albatta oʻz natijasini beradi.

Oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va sanʼat, sport namoyandalari yetishib chiqadi, deb ishonaman.

Aziz opa-singillar! Keyingi yillarda Oʻzbekiston xotin-qizlarining ovozi xalqaro minbarlardan ham dadil yangrayotgani barchamizni quvontiradi. Ular mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, nufuzli forum va anjumanlarda faol ishtirok etayotganidan xabaringiz bor.

Bu haqda soʻz yuritganda, mamlakatimiz tashabbusi bilan 2020-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga asos solinganini taʼkidlash lozim. Oʻtgan yili esa Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xotin-qizlar forumi boʻlib oʻtdi. Bularning barchasi xotin-qizlar muammolarini mintaqa va xalqaro miqyosda muhokama qilish, ularni hal etish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surish imkonini bermoqda.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, ana shunday saʼy-harakatlarimizni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham samimiy qutlayman. Barchamiz chin dildan ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va farovonlik tilaymiz.

Qadrli vatandoshlar! Shu oʻrinda koʻnglimdagi bir ezgu fikrni siz, azizlarga aytishni joiz deb bilaman. Biz Oʻzbekistonda qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening koʻz oʻngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi.

Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sogʻ-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men oʻzim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni boʻlgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi boʻlsa, butun xalqimiz hayotdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi boʻladi.

Xabaringiz bor, respublika xotin-qizlar tashkiloti hozirgi vaqtda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi sifatida yangicha mazmunda faoliyat koʻrsatmoqda. Qoʻmitaning vakolat va faoliyat doirasi kengaytirilib, uning tarkibiga bilimdon va yuqori malakali yangi kadrlar jalb etildi. Jumladan, birinchi marta eng quyi boʻgʻinda – 9 ming 400 dan ziyod mahallada ayollar muammolarini hal etishga koʻmaklashadigan xotin-qizlar faoli lavozimlari joriy etildi.

Bularning barchasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasini Oʻzbekiston ayollarining chinakam tayanchi va suyanchiga aylantirishga xizmat qiladi. Muhtaram vatandoshlar!

Maʼlumki, turli sohalarda dastlabki muhim natijalarga erishib, yoshlarimizga namuna boʻlayotgan isteʼdodli qizlarimizni shu qutlugʻ bayram arafasida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash yaxshi anʼanamizga aylangan. Bugun Zulfiyaxonimga munosib izdosh sifatida eʼtirof etilgan yana 28 nafar oqila va isteʼdodli qizlarimizga ana shu mukofotlarni topshiramiz.

Siz, aziz qizlarimni hayotingizdagi ilk zafar bilan chin dildan tabriklab, barchangizga yangi-yangi yutuqlar tilayman. Bugungi xursandchilik kunda oʻz sohasida ibratli natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan hurmatli ayollarimizdan katta bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallariga sazovor boʻldilar. Fursatdan foydalanib, ularning barchasini samimiy tabriklayman.

Aziz va qadrli vatandoshlar! Bugungi oʻta ogʻir va murakkab zamonda biz oʻz oldimizga ulkan vazifalarni qoʻymoqdamiz. Ularni bajarish albatta oson boʻlmaydi. Lekin, bu sharafli yoʻlda bizga cheksiz kuch va madad beradigan mard va olijanob xalqimiz, muhtarama onalarimiz, aziz opa-singillarimiz bor ekan, koʻzlagan ulugʻ maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Yangi Oʻzbekistonni barchamiz birgalikda bunyod etamiz! Sizlarga, butun mamlakatimiz ayollariga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Qutlugʻ bayramingiz muborak boʻlsin!”, — dedi Prezident.

Izohlar 1

G'ayratjon Xurshidov
2023-Mar-08 03:29
Aziz ayollarimiz sog' bo'lishsin
Fikr bildirish