Qidirish

18:50 / 2023-03-02 446 0 Hodisalar

Diniy nashida uchun 5 yilga qamalgan Sardorbek Rahmonqulov ozodlikka chiqarildi

Sud Sardor Raxmonqulovning oʻz qilmishiga iqror va pushaymonligi, unga nisbatan yengillik berish haqidagi kafolat xatlarini inobatga olgan.

world-news

Diniy nashidani doʻstiga joʻnatgani uchun 5 yilga “kesilgan” Sardorbek Rahmonqulov ozod etildi.

Xabaringiz bor, Jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tuman sudining 2023-yil 30-yanvardagi hukmi bilan S. Rahmonqulov Jinoyat kodeksining 244-1 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bugun, 2-mart kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida sudlanuvchi S. Rahmonqulovning himoyachisi tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati asosida ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida koʻrib chiqildi.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 2-martdagi ajrimiga muvofiq birinchi instansiya sudining hukmi oʻzgartirilib, S. Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qoʻllanilgan holda shartliga oʻzgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida S. Rahmonqulovning 7 oy 9 kun qamoqda saqlanganligi inobatga olinib, asosiy jazodan chegirib tashlandi.

Albatta, sudyalar mustaqil, ular faqatgina qonunga boʻysunadilar. Shu maʼnoda jamoatchilikning keng muhokamasi emas, balki amaldagi qonunchiligimizda nazarda tutilgan adolat va shaxsni axloqan qayta tarbiyalash singari tamoyillarga asoslangan holda sud shunday toʻxtamga kelganini taʼkidlash joiz.

Sud jinoyat ishini atroflicha oʻrganar ekan, S. Raxmonqulovning oʻz qilmishiga iqror va pushaymonligi, unga nisbatan yengillik berish haqidagi kafolat xatlarini inobatga olgan holda hamda insonparvarlik va odillik tamoyillariga asoslanib qaror chiqardi”, — deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Fikr bildirish