Qidirish

13:52 / 2022-12-11 1368 0 Siyosat

Umurzakov tilga olgan gʻisht zavodi mashmashasi ortidan bir qator mansabdorlarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

world-news

Toshkent viloyati prokurori Prezident Administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan gʻisht zavodni tarmoqdan uzmaslikni soʻraganligi keskin muhokamalarga sabab boʻlgandi.

9-dekabr kuni Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib taʼminlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida tashkil etilgan Respublika shtabining navbatdagi tanqidiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Ushbu yigʻilishda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzakov “Toshkent viloyati prokurori gaz tarmogʻiga noqonuniy ulangan gʻisht zavodini oʻchirmaslikni soʻraganini” aytgan edi. Energetika vazirligi Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzakov tilga olgan gʻisht zavodi 29-noyabr kuni gaz taʼminotidan uzilganini maʼlum qilib, 9-dekabr kuni “Olmalik gʻishtchi” MCHJ va “Olmaliqshahargaz” filiali mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Olmaliq shahrida joylashgan “Olmaliq gʻishtchi” MCHJga qarashli gʻisht zavodi 2022-yil 29-noyabr kuni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun gaz taʼminotidan uzilgan. Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan taʼminlash zarurati tufayli tabiiy gazdan foydalanishni vaqtinchalik taqiqlash doirasida ushbu korxonani tarmoqdan uzish belgilangan tartibda amalga oshirilgan.

Tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan mazkur xoʻjalik subyekti keyinchalik mahalliy gaz taʼminoti tashkiloti koʻmagida tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulangani aniqlangan. Oʻtgan davr mobaynida gʻisht zavodi tomonidan 118 282 metr kub tabiiy gaz noqonuniy foydalanilib, 118 million soʻmlik zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan 9-dekabr kuni “Olmalik gʻishtchi” MCHJ va “Olmaliqshahargaz” filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tekshiruv davomida maʼlum boʻlishicha, viloyat gaz taʼminoti tashkiloti rahbari prokuraturaga mazkur korxonaning faoliyat yuritishi zarurati toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilib, buni maʼlum eksportchilar roʻyxatiga kiritilgani bilan izohlagan va bu holat haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Aniqlangan faktlar yuzasidan unga nisbatan ham tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Umurzakov Toshkent viloyati prokurori Prezident Administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan gʻisht zavodni tarmoqdan uzmaslikni soʻraganligini aytgan edi.

“Mana, masalan, Olmaliqdagi gʻisht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, koʻrsatkichni “nol” qilib qoʻyib, gaz tarmogʻiga noqonuniy ulangan. Eng qizigʻi, ushbu holat aniqlangach, viloyat prokurori Prezident Administratsiyasi masʼullaridan shu zavodni tarmoqdan uzmaslikni soʻragan. Prokurorning manfaati bormi, bunday noqonuniy ulanishga?”, – degan Sardor Umurzakov.

Administratsiya rahbarining taʼkidlashicha, ushbu zavod egalarining Angrenda ham zavodi boʻlgan. Bosh vazir oʻrinbosari Joʻrabek Mirzamahmudov boshchiligadagi komissiya Olmaliqqa kelganini eshitib, darrov Angrendagi zavodini yopishgan. Agar Angrendagi zavodda ham qonunbuzilish holati aniqlansa, bu boʻyicha ham alohida ish qoʻzgʻatilishi mumkin.

“Bunaqalarning orqasida kimlar turganigacha topamiz. U hokim boʻladimi, prokuror yoki soliqchimi, farqi yoʻq, tadbirkor bilan til biriktirgan boʻlsa, javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, kamida hudud rahbarlarining beparvoligi masalasi ham koʻrib chiqiladi. Bizlarni bu holatga olib kelganlar suvdan quruq chiqib ketmaydi. Ularning baʼzilari hozir ichimizda, yigʻilishda oʻtiribdi”, degan Sardor Umurzakov.

Izohlar 0

Fikr bildirish