Qidirish

18:15 / 2023-02-17 975 2 Siyosat

Energetika vazirligi huzurida Oʻzenergoinspeksiya tashkil etildi. Ular zimmasiga katta masʼuliyat yuklandi

Oʻzenergoinspeksiya xodimlariga sutkaning istalgan vaqtida isteʼmolchilarning yoqilgʻi-energiya resurslarini tekshirish vakolati beriladi.

world-news

Prezident Farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Oʻzenergoinspeksiyaning Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan Oʻzenergoinspeksiya boshligʻi oʻrinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilangan.

Oʻzenergoinspeksiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:

— yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) yoqilgʻi-energiya resurslarini ishlab chiqarish (qazib chiqarish), qayta ishlash, uzatish (tashish), taqsimlash va isteʼmol qilish, ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini taʼminlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

— elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilgʻi-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy isteʼmol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

— bevosita isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan hamda tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan yoqilgʻi-energiya resurslari hajmi oʻrtasidagi tafovutlarni aniqlash va bartaraf etish.

— yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) energetika obyektlarida baxtsiz hodisalar va texnologik buzilishlar (avariyalar)ning oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

— qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hamda energiya samarador va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, energiya resurslarini isteʼmol qilish samaradorligining monitoringini olib borish;

— yoqilgʻi-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha isteʼmolchilar (aholidan tashqari) tomonidan bajariladigan chora-tadbirlarning energiya samaradorligini baholash, shuningdek, mahsulot birligini ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat koʻrsatish) uchun yoqilgʻi-energiya resurslari isteʼmolining meʼyorlari bajarilishi va kelgusida takomillashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Oʻzenergoinspeksiya xodimlariga xizmat guvohnomalari boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida isteʼmolchilarning yoqilgʻi-energiya resurslarini tekshirish vakolati beriladi

Farmonga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan Oʻzenergoinspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi;

— davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar mazkur qarorga muvofiq Oʻzenergoinspeksiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama koʻmaklashishi shart;

— Oʻzenergoinspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar uning qonuniy talabiga koʻra bepul taqdim etiladi;

— Oʻzenergoinspeksiya tomonidan yoqilgʻi-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash borasida davlat nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq nazorat tadbirlari xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi;

— Oʻzenergoinspeksiya xodimlari xizmat guvohnomalari boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida isteʼmolchilarning yoqilgʻi-energiya resurslarini hisobga olish uskunalari koʻrsatkichlarini yozib olish va ularning holati, ulanish sxemalari va qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish uchun hisobga olish uskunalari, sxemalari hamda qurilmalarini toʻsqinliksiz borib koʻrishga haqli;

Izohlar 0

Fikr bildirish