So`ngi yangiliklar
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Prezident yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish boʻyicha yangi qarorni imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida yangi qaror imzoladi.
Yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish, ulardan samarali va oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, isteʼmolchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–269-son Farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Oʻzenergoinspeksiya) tashkil etilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–14-son Farmoniga muvofiq Oʻzenergoinspeksiyaning Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan, Oʻzenergoinspeksiya boshligʻi oʻrinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzenergoinspeksiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) yoqilgʻi-energiya resurslarini ishlab chiqarish (qazib chiqarish), qayta ishlash, uzatish (tashish), taqsimlash va isteʼmol qilish, ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini taʼminlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilgʻi-energiya resurslarini talon-taroj qilish va noqonuniy isteʼmol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
bevosita isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan hamda tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan yoqilgʻi-energiya resurslari hajmi oʻrtasidagi tafovutlarni aniqlash va bartaraf etish;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) energetika obyektlarida baxtsiz hodisalar va texnologik buzilishlar (avariyalar)ning oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hamda energiya samarador va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, energiya resurslarini isteʼmol qilish samaradorligining monitoringini olib borish;
yoqilgʻi-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha isteʼmolchilar (aholidan tashqari) tomonidan bajariladigan chora-tadbirlarning energiya samaradorligini baholash, shuningdek, mahsulot birligini ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat koʻrsatish) uchun yoqilgʻi-energiya resurslari isteʼmolining meʼyorlari bajarilishi va kelgusida takomillashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan Oʻzenergoinspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi;
davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar mazkur qarorga muvofiq Oʻzenergoinspeksiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama koʻmaklashishi shart;
Oʻzenergoinspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar uning qonuniy talabiga koʻra bepul taqdim etiladi;
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan yoqilgʻi-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash borasida davlat nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq nazorat tadbirlari xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi;
Oʻzenergoinspeksiya xodimlari xizmat guvohnomalari boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida isteʼmolchilarning yoqilgʻi-energiya resurslarini hisobga olish uskunalari koʻrsatkichlarini yozib olish va ularning holati, ulanish sxemalari va qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish uchun hisobga olish uskunalari, sxemalari hamda qurilmalarini toʻsqinliksiz borib koʻrishga haqli;
Oʻzenergoinspeksiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari oʻrnatilishini nazorat qiladi va belgilangan koʻrsatkichlarning bajarilishi taʼminlanmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan choralar koʻrish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.
4. Bosh prokurorning yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga masʼul boʻlgan oʻrinbosari (keyingi oʻrinlarda – Bosh prokuror oʻrinbosari) lavozimi kiritilsin.
Belgilansinki, Bosh prokuror oʻrinbosari:
Oʻzenergoinspeksiya zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishga amaliy yordam koʻrsatadi;
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Bosh prokuratura ikki hafta muddatda yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
Oʻzenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalari faoliyatini mazkur qaror bilan belgilangan ustuvor yoʻnalishlar asosida yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish masʼuliyati shaxsan energetika vaziri J.T.Mirzamahmudov va Bosh prokuror oʻrinbosari zimmasiga yuklansin.
5. Yoqilgʻi-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash va bu boradagi jarayonlarni raqamlashtirish maqsadida:
a) mavjud elektr va gaz tarmoqlari hamda qurilmalarining yuklamasi belgilangan meʼyordan oshgan taqdirda, ularga yangi isteʼmolchilarni ulash qatʼiyan taqiqlansin;
b) 2023-yil 1-martdan boshlab:
nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida Oʻzenergoinspeksiyaga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻztransgaz” AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilgʻi-energiya resurslari isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni monitoring qilish imkoniyati yaratilsin;
elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik boʻyicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli maʼlumotlarni “E-maʻmuriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etilsin;
v) 2023-yil 1-iyuldan boshlab yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar elektr va gaz taʼminoti korxonalarining dasturiy taʼminoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan xolda tuzilishi belgilansin.
Bunda:
mazkur tartib yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yoqilgʻi-energiya resurslari isteʼmoli boʻyicha limitlarni belgilash va ularga oʻzgartirishlar kiritishga ham tatbiq etiladi;
davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portaliga avtomatik ravishda yuborilishi taʼminlanadi;
byudjet buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar gʻaznachilik boʻlinmalarida elektron shaklda (inson omilisiz) roʻyxatdan oʻtkaziladi;
g) 2023-yil 1-oktyabrga qadar mavjud elektr energiyasi va tabiiy gazni uzatish hamda taqsimlash tarmoqlari va qurilmalari yuklamasi oshib ketishining oldini olish imkoniyatini yaratish maqsadida ular bioaxborot tizimiga kiritilsin hamda elektr va gaz taʼminoti korxonalarining dasturiy taʼminoti hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiya qilinsin.
Bunda, elektr energiyasi va tabiiy gazni uzatish hamda taqsimlash tarmoqlari va qurilmalari mazkur tizimlar bilan integratsiya qilingandan soʻng elektr va gaz tarmoqlariga ulanishda ulanish nuqtalari avtomatlashtirilgan tarzda inson omilisiz tanlanadi:
d) 2023-yil 1-oktyabrdan boshlab elektr va gaz tarmoqlari va qurilmalarini qurishda loyiha hujjatlarini vakolatli organlar bilan kelishish tegishlicha elektr va gaz taʼminoti korxonalarining dasturiy taʼminotlari orqali aniq muddatlarda amalga oshirilishi belgilansin.
Energetika vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “UzGasTrade” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ bilan birgalikda elektr va gaz taʼminoti korxonalarining dasturiy taʼminotlari ishlab chiqilishi va ishga tushirilishi hamda mazkur bandda nazarda tutilgan texnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzenergoinspeksiya “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda:
a) doimiy ravishda:
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli energetika obyektlari (keyingi oʻrinlarda – obyektlar) roʻyxatini shakllantirib borsin;
obyektlarda isteʼmol qilinayotgan yoqilgʻi-energiya resurslari hajmini aniqlab borsin;
obyektlarda yoqilgʻi-energiya resurslari behuda sarflanishi va sifat talablariga rioya etmaslik holatlarini aniqlab borsin va ular boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻrsin;
tizimli asosda yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
obyektlarning tarmoqlarga toʻgʻri ulanganligi va hisoblagichlar mavjudligi, ularning texnik talablarga va standartlarga muvofiqligini tekshirib borsin, shuningdek, aybdor boʻlgan mazkur obyektlar xodimlari va ularga xizmat koʻrsatgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini koʻrsin;
obyektlarda oʻrnatilgan hisoblagichlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlariga mosligini oʻrgansin;
b) har oyda elektr va gaz tarmoqlari hamda qurilmalarining yuklamalari va sozligini tekshirib borib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin.
Bunda, Oʻzenergoinspeksiya har oyda Bosh prokuror oʻrinbosari va energetika vaziriga mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot kiritib borsin.
7. Bosh prokuratura Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin:
elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini oʻgʻrilik jinoyati sifatida belgilash;
Oʻzenergoinspeksiyaning elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish (mansabdor shaxslarga nisbatan) vakolatini belgilash;
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma koʻrsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash.
8. Energetika vazirligi va Bosh prokuraturaning quyidagi mablagʻlarni Oʻzenergoinspeksiyaning belgilangan tartibda ochiladigan maxsus gʻazna hisobvaragʻiga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
Oʻzenergoinspeksiya ishtirokida yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq qoidabuzarliklar boʻyicha undirilgan zarar summasining 25 foizi;
isteʼmolchilar tomonidan quvvat koeffitsiyentining normativ qiymati ushlab turilmaganligi natijasida yuzaga kelgan elektr energiyasining qoʻshimcha yoʻqotilishi bilan bogʻliq toʻlovlardan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ filiallariga tushgan mablagʻlarning 50 foizi;
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan qoʻllanilgan maʼmuriy jarimalar va iqtisodiy sanksiyalar boʻyicha undirilgan mablagʻlarning 50 foizi;
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan pullik xizmatlarni koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Bunda, maxsus gʻazna hisobvaragʻidagi mablagʻlar quyidagi maqsadlarda ishlatilishi nazarda tutilsin:
Oʻzenergoinspeksiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
Oʻzenergoinspeksiya xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
Oʻzenergoinspeksiyaga shartnoma asosida ekspert va mutaxassislarni uning zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali bajarish uchun jalb qilish. Bunda, shartnoma asosida jalb qilinadigan ekspert va mutaxassislar maqomi boʻyicha Oʻzenergoinspeksiya xodimlariga tenglashtiriladi;
Oʻzenergoinspeksiya vazifalarini samarali amalga oshirish hamda axborot texnologiyalarini joriy etish va modernizatsiya qilish.
9. Energetika vazirligi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar elektr energiyasining dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksi (SCADA), shuningdek, ishlab chiqarishdan boshlab yakuniy isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan barcha jarayonlarga elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari (ENHOAT, GNHOAT) toʻliq joriy etilishini taʼminlasin.
Bosh prokuratura mazkur tizimlar toʻliq joriy etilishini alohida nazoratga olsin;
b) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar talablari va ularni berish tartibini xalqaro standartlar asosida qayta qoʻrib chiqish va belgilash boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. “Oʻztransgaz” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari aniqlangan taqdirda, inson omilisiz qayta hisob-kitob qilish, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va Soliq qoʻmitasi bazasida parallel ravishda hisobga olishni nazarda tutuvchi dasturiy taʼminotni ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.
“Oʻztransgaz” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “UzGazTrade” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ mazkur dasturiy taʼminotni ishlab chiqishda isteʼmolchilar bazasini shakllantirish hamda billing tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash maqsadida “UZINFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MCHJga barcha birlamchi maʼlumotlarni taqdim etsin va billing tizimlari bilan bogʻlanishga ruxsat berilsin.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar:
bino va inshootlar hamda ulardan foydalanish turlariga koʻra muqobil energiya, tabiiy gaz, elektr energiyasi, irrigatsiya, ichimlik suv va oqava suvlar sarfining standart hajmlarini qatʼiy belgilaydigan mezonlarni tizimga joriy qilsin;
obyektlarning tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini texnik shartlarni raqamlashtirgan holda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali amalga oshirsin.
12. Energetika vazirligi energetika tarmoqlari tarxlari, mavjud tarmoqlarning joriy holati va davriy yuklamalarini raqamlashtirgan holda ularning “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiyasini taʼminlasin va har oyda maʼlumotlar bazasini yangilab borsin.
13. Oʻzenergoinspeksiya 2023-yil 1-mayga qadar yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash hamda ularni onlayn rasmiylashtirish uchun barcha xodimlarni maxsus planshetlar bilan taʼminlasin.
14. Energetika vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, yangilangan qoidalarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
15. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzenergoinspeksiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
16. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T.Mirzamahmudov hamda Bosh prokuror oʻrinbosari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2023-yil 13-fevral