Qidirish

21:05 / 2023-02-07 295 0 Siyosat

Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Namanganga bordi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish maqsadida ishchi guruh Pop tumani ichki ishlar boʻlimi faoliyati bilan tanishdi.

world-news

Aholi muammolariga eʼtibor qaratish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan Pop tumanida oʻrganish ishlari olib borildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligini taʼminlash, hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni oʻrganish jarayonida Pop tumanida joylashgan “Zamin Green” gidroponika issiqxonasi faoliyati bilan tanishilgan.

Maʼlum qilinishicha, ushbu korxonada 30 nafar doimiy va 100 nafar mavsumiy ish oʻrinlari yaratilgan boʻlib, yillik 3500 tonna pomidor mahsuloti yetishtiriladi, uning bir qismi mahalliy bozorga, ortgani chet elga eksport qilinadi.

Ishchi guruh korxona tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotni arzonlashtirish maqsadida quyosh energiyasi hamda yoqilgʻining alternativ turlariga oʻtish rejalari bilan tanishdilar.

Aholi uchun munosib infratuzilma, jumladan maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, bolalar maydonchalari qurilish ishlarini baholash jarayonida tumanning Uygʻursoy shaharchasidagi obodonlashtirish ishlari hamda yangidan barpo etilgan “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi” faoliyati oʻrganilgan.

Markazda mahalliy aholi uchun 800 turdagi 2 mingdan ziyod kitoblar jamlangan kutubxona, robototexnika, IT-texnologiyalar va xorijiy tillarni oʻrganish uchun sinfxonalar tashkil etilgan.

Shuningdek maktab va bolalar bogʻchasi kapital taʼmirlanib, bolalar sport maydonchalari qurib bitkazilgan. Ichki ishlar vazirligi nomidan kutubxona uchun 20 mln soʻmlik kitoblar jamlanmasini sovgʻa qilish rejalashtirildi.

Ichki ishlar vaziri tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi borasida “Uygʻursoy” shaharchasida shakllantirilgan beshlikning hamkorlik masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish maqsadida ishchi guruh Pop tumani ichki ishlar boʻlimi faoliyati bilan tanishdi.

Tuman mahallalarida jinoyatchilikning ahvoli, oila-turmush doirasida hamda yoshlar, ayollar tomonidan va ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish borasida profilaktik ishlarning samaradorligi bilan tanishilgan.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda soha rahbarlarining ish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Fikr bildirish