Qidirish

09:48 / 2023-02-04 262 0 Hodisalar

“Tojikistondan oʻtkazilgan narkotik moddalari musodara qilindi” — DXX

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

world-news

Oʻzbekistonning bir nechta hududida narkotik kontrabandasi faoliyatiga nuqta qoʻyildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum boʻlishicha, Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi, 1993-y.t. fuqaro oʻzining jinoiy sherigi boʻlgan, Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1969-y.t. shaxs bilan, muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelinib, Namangan viloyatining Pop tumani hududiga yashirib ketilgan 1 kg 841 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, yoʻlovchi avtomashinada Oltiariq tumanida harakatlanayotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

“Mazkur fuqarolar muqaddam sodir etgan oʻgʻirlik jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini oʻtagan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan”, — deyiladi xabarda.

DXX xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Margʻilon shahrida yashovchi, 1975-y.t. fuqaro Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan 964 gr. “gashish” moddasini 8 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Bu yoʻnalishda DXX Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazishdi.

Xususan, Buloqboshi tumanida yashovchi, 1996 va 1998-yillarda tugʻilgan ikki fuqaro Xoʻjaobod tumanida 630 gr. “gashish” moddasini 5800 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ushbu holatda ajal ogʻusi Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali Xoʻjaobod tumani hududiga oʻtkazilgan.

Samarqand shahrida kuzatilgan holatda esa Toyloq tumanida yashovchi, 1961-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan fuqaro 352 gr. “opiy” moddasini 5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Samarqand viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, ushbu narkotik modda Tojikiston Respublikasidan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish