Qidirish

15:21 / 2023-02-02 261 0 Siyosat

“Vodiyda toʻqimachilik mahsulotlari eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati bor” — Prezident

Shavkat Mirziyoyev Fargʻonadagi klasterlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

world-news

Bugun, 2-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida vodiy viloyatlarida paxta-toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Prezident matbuot xizmatining eslatishicha, Mirziyoyev oʻtgan yilning may oyida viloyatga tashrifi chogʻida “Global textile infinity” klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan.

Bu galgi tashrifida u Qoʻshtepa tumanidagi mazkur toʻqimachilik korxonasi koʻzdan kechirdi. Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning toʻliq jarayoni yoʻlga qoʻyilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning “Rieter machine works” uskunalari oʻrnatilgan.

Korxona yiliga 18 million metr aralash mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yevropa davlatlari va Xitoyga 85 million yevrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonada sifat laboratoriyasi tashkil etilgan.

Prezident tayyor mahsulotlar turini koʻpaytirish, taniqli brendlar bilan hamkorlik oʻrnatish zarurligini taʼkidladi. Yana bir muhim jihati, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qoʻllanmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellari oʻrnatilmoqda. Bularning natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.

Hozirgi birinchi bosqichda fabrikada 1 ming 500 nafar kishi ishlamoqda. Joriy yil martda fabrikada toʻqima mato ishlab chiqarish boshlanadi.

Shuningdek, Uchkoʻprik tumanida ip-kalava va mato tayyorlash hamda paxtani qayta ishlash korxonalari tashkil etilishi kutilmoqda. Shunda klasterdagi jami ish oʻrni qariyb 5 mingtaga yetadi. Bu yerda oʻquv va kasanachilik markazi ham ochilgan. Unda korxona uchun zarur 4 ta yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Oʻtgan olti yilda bu viloyatlarda 35 ta klaster tashkil etilib, 670 million dollarlik 150 dan ortiq yirik loyiha ishga tushirilgan.

Ishlab chiqarishni ilm bilan bogʻlash maqsadida har bir klasterga paxtachilik ilmiy tashkilotlari va agroxizmat markazlari biriktiriladi. Yigʻilishda mazkur chora-tadbirlarning amaliy jihatlariga toʻxtalib oʻtildi.

Paxta hosildorligini oshirish, ip-kalavani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Vodiy viloyatlarida toʻqimachilik mahsulotlari eksportini joriy yilda 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi taʼkidlandi.

Izohlar 0

Fikr bildirish