Qidirish

13:14 / 2023-01-27 463 0 Siyosat

Ortiqxoʻjayevning deputatlik vakolati muddatidan oldin toʻxtatildi

Toshkent shahrining sobiq hokimi 2020-yil yanvar oyida OʻzLiDeP partiyasidan 48-saylov okrugidan kengash deputati, soʻngra besh yillik muddatga senator etib saylangan edi.

world-news

Toshkent shahar sobiq hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevning shahar kengashi deputatligi vakolati muddatidan oldin toʻxtatildi. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri oʻzining ishonchli manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, sobiq hokimning oʻzi deputatlik vakolatlarini topshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda Toshkent shahri hokimining isteʼfoga chiqarilganini aytib, uning manziliga tanqdiy fikr bildirgan edi.

Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxoʻjayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolgʻon “svodka” bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyogʻi yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim”, — degandi Mirziyoyev.

Shu kuni bloger Nikita Makarenko oʻz manbalariga tayanib, Ortiqxoʻjayev va uning oilasi “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Turkiyaning Istanbul shahriga kechikib uchgan HY-271 reysi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgani, ammo uni Davlat xavfsizlik xodimlari toʻxtatib qolgani haqida xabar berdi.

 

Garchi rasmiy manbalar tarmoqlarda yashin tezligida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirmagan boʻlsada, “Kompromatuzb” Telegram kanalida eʼlon qilingan suratda, ushbu xabar qisman boʻlsa-da oʻz tasdigʻini topdi.

Qonunchilikka koʻra, senator va kengash deputati vakolat muddati davomida daxlsizlik huquqiga ega.

Jahongir Ortiqxoʻjayev 2020-yil yanvar oyida OʻzLiDeP partiyasidan 48-saylov okrugidan kengash deputati, soʻngra besh yillik muddatga senator etib saylangan edi. Uning vakolat muddati 2025-yilning yanvarigacha moʻljallangan edi.

Qonunga muvofiq, deputatning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan avval tugatiladi:

vakolatlarini tugatish toʻgʻrisidagi yozma ariza;

qonun hujjatlariga muvofiq deputatlik vakolatlarini amalga oshirishga toʻgʻri kelmaydigan lavozimga saylash yoki tayinlash:

sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganligi;

vakolati qaytarib olinishi;

sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilishi;

sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topish yoki vafot etgan deb eʼlon qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganligi;

oʻlimi.

Alohida hollarda deputatning vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashining qarori bilan muddatidan oldin tugatilishi mumkin. Bunday masalani koʻrib chiqish uchun deputatning yuqori martabasini obroʻsizlantiradigan xatti-harakatlar asos boʻlishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, Prezident oʻtkazgan yigʻilishda Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror oʻrinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlangan edi.

Izohlar 0

Fikr bildirish