Qidirish

19:23 / 2023-01-25 285 0 Siyosat

Qoʻchqorov zimmasiga ogʻir masʼuliyat yuklatildi. Prezident unga 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish vazifasini qoʻydi

Prezident kambagʻallikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi – aholini daromadli ish bilan taʼminlash ekanini qayd etgan.

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash hamda kichik biznesni rivojlantirishga qoʻshimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda Mirziyoyev kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2023-yil uchun rejalar muhokama qilindi.

Statistika tilga kirganda yoxud ayrim hokimlar Prezident bergan yuklamani koʻtara olishmagan. Hokim yordamchilari esa...

Yigʻilishda Prezident kambagʻallikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini taʼkidlagan. Statistikaga koʻra, oʻtgan yilning oʻzida kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga oʻqitib, tadbirkorligini boshlashga koʻmaklashgani, daromadli ish bilan band qilgan.

Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklangan.

Prezident statistikada koʻrsatilgan ijobiy natijalarni 2023-yilda davom ettirish, bandlikni taʼminlash boʻyicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi.

Jumladan, 2023-yilda 5 million nafar aholi bandligini taʼminlash, shu jumladan 2 millionta doimiy ish oʻrinlarini yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Misol uchun, Andijon viloyati joriy yilda investitsiya loyihalari hisobiga 40 mingta, paxta va gʻalladan boʻshagan yerlarni aholiga boʻlib berish hisobiga 75 mingta va mavsumiy ishlar orqali 200 mingta, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy koʻchalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis obyektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta; oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta ish oʻrinlari yaratishni reja qilgan.

Yoki, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida kartoshkachilikni yoʻlga qoʻyib, 10 ming aholini daromadli ish bilan taʼminlash, bogʻlarning sugʻorish tizimini tiklash hisobiga 2 ming, Koʻkdalada tarvuz ekishni yoʻlga qoʻyib, 32 ming, Mirishkorda dala chetlariga tut ektirish hisobiga pillachilikda qoʻshimcha 6 ming aholini daromadli qilishni reja qilgan.

Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan”, - dedi Prezident.

Prezident Navoiy, Buxoro, Namangan, Qoʻqon, Ohangaron va Chirchiq shaharlari, Zafarobod, Arnasoy, Vobkent, Shofirkon, Kogon, Gʻijduvon, Romitan tumanlarining bandlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha rejalari puxta ishlab chiqilmagani, ularda mavjud barcha imkoniyat va zaxiralar hisobga olinmaganini tanqid qildi.

Shu bilan birga, kambagʻallik koʻrsatkichlari respublika boʻyicha yaxshilangan bir paytda, Navoiy, Surxondaryo va Fargʻonada oʻzgarish sezilmayotgani taʼkidlandi.

Prezident kambagʻallikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi – aholini daromadli ish bilan taʼminlash ekanini qayd etdi. Shu bois, maʼmuriy islohotlar doirasida kambagʻallikni qisqartirishga masʼul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi.

Endilikda mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka koʻmaklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta - Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida boʻladi. Bundan tashqari, yangi vazirlikka Xitoydan kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha katta tajribaga ega ekspertlar jalb qilinmoqda.

Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ushbu ekspertlar bilan birga barcha viloyatlarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amaliy ishlarni tashkil qilish, viloyat hokimlari bilan birga 2023-yil uchun bandlik dasturini tumanlar kesimida qaytadan koʻrib chiqib, tasdiqlash topshirildi.

Prezident oilaviy tadbirkorlikni yanada ragʻbatlantirish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻlami kengaytirilishini taʼkidladi.

Jumladan, 2023-yilda:

- tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi;

- dehqon xoʻjaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million soʻmgacha oshiriladi (amalda 33 million soʻm);

- avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija koʻrsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin boʻladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);

- kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.

2023-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trillion soʻm beriladi (2022-yilda – qariyb 10 trillion soʻm). Prezident yaqinda imzolagan qarorga koʻra, oilaviy tadbirkorlikka qoʻshimcha 300 million dollar ajratiladi.

Yigʻilishda ilgari ajratilgan kreditlarning qaytarilishi masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

Hokimlar bu mablagʻlarni qaytarishni oʻylamasa, oilaviy tadbirkorlik qayerdan boʻladi? Axir bu pullar qaytsa, yana tumanning oʻziga beriladi-ku!”, - dedi Prezident.

Mutasaddilarga ushbu masalani qatʼiy nazoratga olish topshirildi.

Shuningdek, bandlik vaziriga yangi vazirlikka byudjetdan ajratilgan 1,5 trillion soʻmni avvalo eng ogʻir mahallalarda kambagʻallikni qisqartirishga yoʻnaltirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Jamshid Qoʻchqorov zimmasiga yana ogʻir vazifa yuklatildi

Prezident Bosh vazir oʻrinbosariga, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birga jalb qilingan 135 million dollarlik kredit liniyasi boʻyicha ogʻir mahallalar kesimida tadbirkorlik loyihalari paketini shakllantirib, ushbu mahallalarda kamida 50 ming aholini band qilish vazifasi qoʻyildi.

Ikki yil ichida aholiga beriladigan yerlar 200 ming gektardan oshadi. Bu – Samarqand viloyatining jami paxta va gʻalla yeridan koʻp maydon. Lekin, bu yil ajratilishi kerak boʻlgan yerlarni koʻpi hali zaxiraga olinmagan, ishlar pala-partish tashkil qilinayapti.

Mahallaning ichidagi kichik-kichik qulay maydonlar qolib, dalaning oʻrtasidagi katta yerlarni ajratish holatlari ham bor.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga:

- har bir mahallaga “usta dehqonlar”ni jalb qilib, ushbu yer maydonlarida faqat eksportbop-bozorbop mahsulotlar yetishtirilishiga eʼtibor qaratish;

- har bir tuman agrologistika markazlari va eksportyorlar bilan shartnomalar tuzilishini taʼminlash topshirildi.

Bu yerlardan samarali foydalanib, kamida 1 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezident tadbirkorlik subyektlarini koʻpaytirish boʻyicha yangi yondashuvlarni joriy qilish zarurligini qayd etdi.

Masalan, oʻtgan yili Buxoroda – 8 ta, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda – 2 tadan, Toshkent viloyatida – 1 ta tumanda yangi tashkil etilgan tadbirkorlar soni 2021-yilga nisbatan 30-40 foizga kamaygan.

Eng ogʻir ahvol Andijon, Termiz va Kogon shaharlari, Jalaquduq, Marhamat, Olot, Qorakoʻl, Shofirkon, Mingbuloq va Qibray tumanlarida ekanini qayd etib, Prezident ushbu hududlar hokimlarining bu boradagi faoliyati qoniqarsizligini koʻrsatib oʻtdi.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga ikki hafta muddatda ushbu tumanlarga borib, mavjud sharoitlarni oʻrganib, ularning har biri boʻyicha tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Mahalladagi ishsiz aholini daromadli qilish maqsadida 1 mingta mahallaga xizmat koʻrsatuvchi 300 ta mikromarkaz tashkil etish dasturi boshlangan. Prezident 1-aprelga qadar har bir viloyatda kamida 5 tadan mikromarkazni ishga tushirish zarurligini taʼkidladi.

Joriy yilda Gʻijduvon, Buloqboshi, Zangiota, Fargʻona tumanlari, Qoʻqon, Margʻilon, Urganch shaharlarida kamida 20 tadan shunday markazlarni tashkil qilish topshirildi. Umuman, 2023-yilda yana 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish vazifasi qoʻyildi.

Izohlar 0

Fikr bildirish