Qidirish

22:33 / 2023-01-23 815 1 Siyosat

“Prezident oldimizga katta vazifalarni qoʻydilar” — Bosh vazir tezkor yigʻilish oʻtkazdi

Hukumat yoʻl qoʻyilgan xatolardan xulosa chiqarib, kelgusi kuz-qish mavsumiga hozirdan tayyorgarlik koʻrishni boshladi.

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga asosan Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Oʻzbekistonda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Xususan bugungi kunda respublika boʻyicha jami 40 mingta koʻp qavatli uy-joy mavjud boʻlsa, shundan 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgan.

Shu bois, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uylarning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga oʻtkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi endilikda yangidan quriladigan koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori boʻlgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni koʻpaytirishga ham eʼtibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda respublika boʻyicha jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyoj (5 mln m kv yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, “Oʻzsanoatqurilishbank” “Oʻzsanoqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xom-ashyosi ishlab chiqarish loyihalarini koʻpaytirish boʻyicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

“Oʻzeltexsanot” uyushmasi ham ikki oy muddatda transformatorlar, kabellar, quyosh panellari va suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish boʻyicha alohida dastur tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.

Statistik maʼlumotlarga qaraganda,bugungi kunda jami tarmoqlarning qariyb 42 foizi, shundan elektr uzatish tarmoqlarining 39 foizi, podstansiyalarning 51 foizi hamda transformator punktlarining 35 foizi ishga tushgan muddatlari 40 yildan oshgan.

Shuning uchun, Prezident topshirigʻiga asosan hukumat tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar elektr tarmoqlarini barqaror va uzluksiz ishlashi uchun 299 ta transformator, 124,7 km turli xil kabellar, 186 tonna transformator moyi yetkazib berish uchun tezkor ravishda qaror qabul qilib, ishlar boshlab yuborildi.

Bu ishlarni davom ettirish uchun Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash, energetika xavfsizligini yanada mustahkamlash maqsadida 2023-2024-yillarga moʻljallangan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish dasturini moliyaviy manbalarni aniq belgilagan holda, bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.

Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida boʻlayotgan majlisda kelgusida energiya tejamkor manbalari keng joriy etilishiga eʼtibor qaratdi.

"Dunyoda yuz berayotgan global siyosiy jarayonlar – energiya resurslari borasida davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvlarning keskin tus olishiga sabab boʻldi.

Albatta, oldindan qayta tiklanuvchi energiyaga oʻtish boʻyicha ish olib borayotgan davlatlar bu borada energiya inqirozini yumshatishga erishdi.

Shuning uchun Prezident kuni-kecha oldimizga energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, gidroenergetika va muqobil energetikani rivojlantirish boʻyicha katta vazifalarni qoʻydilar", - dedi Bosh vazir.

Shu bilan birga:

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ 2023-yilda 817 km magistral, 11 ming km past kuchlanishli tarmoqlari va 2 ming 840 ta transformator punktlarini yangilash, magistral podstansiyalarning quvvatlarini qoʻshimcha 1 ming 325 Mega volt amperga oshirilishini taʼminlash;

“Oʻztransgaz” AJ 2023-yilda 86 ta gaz haydash agregatlarini hamda 10 ta gaz turbinali dvigatellarni kapital taʼmirlash;

“Hududgaztaʼminot” AJ 2023-yilda 151 km gaz quvurlarini mukammal taʼmirlash, 114 ta elektrkimyo himoya qurilmalarini modernizatsiya qilish, 2,5 mingta gaz taqsimlash punktlarini yangilash ishlarini amalga oshirish topshirildi.

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Tshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda jamoat transporti, kommunal soha va chiqindi tashish maxsus texnikalari, qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonlarning maxsus transport vositalari uchun hozirdan alohida gaz quyish shoxobchalarini biriktirib berishi kerakligi taʼkidlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilda tabiiy gaz qazib olish hajmini 56,3 mlrd kub metrga yetkazib (2022-yilda 51,7 mlrd kub metr), oʻtgan yilga nisbatan 4,6 mlrd kub metrga oshirish imkoniyati bor.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya joriy etish va energiya samaradorligini oshirish xisobiga 1,6 mlrd kub metr gaz iqtisod qilish mumkin.

“Oʻzbekneftgaz” AJ joriy yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini 32,8 mlrd kub metrga yetkazish uchun qiymati 5,7 trln soʻmga teng 744 ta geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi qayd etildi.

Energetika vazirligi joriy yilda tabiiy gaz va elektr energiyasi, koʻmir va mazut importi bilan bogʻliq masalalarni qayta koʻrib chiqishi, boshqa muqobil hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazishi, kelishuvlarga erishish boʻyicha oldindan barcha zarur tadbirlarni amalga oshirishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan, 23-27-yanvar kunlari respublikaning aksariyat hududlariga nisbatan sovuq xavo massasi kirib kelishi va buning natijasida havo harorati joylarda kechasi -5...-18 daraja sovushi bashorat qilinmoqda.

Shuning uchun, oʻtgan 15 kun davomida amalga oshirilgan tadbirlarni yanada kuchaytirgan holda shtablar faoliyatini davom ettirish topshirildi.

Izohlar 1

Эркинжон
2023-Jan-24 09:56
Бош вазир "жаноблари" ўзининг вазифасини билмас экан, Президентнинг буйруғини кутиб, ёзда " Ниначи ва чумоли" масалидаги ниначидай кайфу - сафо қилиб юраверган экан -да ??!
Fikr bildirish